Tailand: fohishalikka majburlangan o‘zbekistonlik ayollar eronlikni politsiyaga tutib berganlar

Tailandning Patayya shahri xorijlik sayyohlar orasida mashhur sohilbo‘yi shahri
Image caption Tailandning Patayya shahri xorijlik sayyohlar orasida mashhur sohilbo‘yi shahri

Bir necha o‘zbekistonlik ayollarni fohishabozlikka majbur etgan Eron fuqarosi Tailandda qo‘lga olingan.

Tailand ommaviy axborot vositalari xabar qilishicha, eronlik 33 yoshli Yosim Muhammad Abdulla Almazro‘i o‘zbekistonliklarga Tailandda yaxshi haq to‘lanadigan ish taklif etgan, biroq Tailandning sayyohlik rivojlangan Patayya dengiz sohilidagi shahriga yetib borganlaridan keyin ayollarning ixtiyorlariga qarshi fohishalik qilishga majbur etgan.

Eron fuqarosi Yosim Muhammad Abdulla Almazro‘ini Tailand Sayyohlik politsiyasi xodimlari Patayya shahridagi arzon mehmonxonalardan birida qo‘lga olganlar, bunga uch o‘zbekistonlik ayolning shikoyati sabab bo‘lgan.

Tailand matbuoti xabarlariga ko‘ra, eronlik ayollarni mijoz ovlash uchun ko‘chaga chiqarib yuborgan paytida ular politsiyaga murojaat qilishgan va 18 dekabr kuni Yosim Muhammad Abdulla Almazro‘i mahkamaga keltirilgan, unga inson traffigi ayblovi qo‘yilgan.

Ismi-sharifi e‘lon qilinmagan, biroq yoshining 20 da ekani aytilgan O‘zbekiston fuqarosi politsiyaga so‘zlab berishicha, Yosim Muhammad Abdulla Almazro‘i O‘zbekistonda bo‘lgan payti Tailandda massajchi bo‘lib ishlashni, buning uchun yaxshi haq to‘lanishini va‘da qilgan.

Eronlik "menga Tailandgacha bo‘lgan yo‘l xarajatini ko‘tarishini aytdi va 10000 Tailand baxti(317 AQSh dollari)ni ko‘rsatdi", deb aytgan o‘zbekistonlik ayol.

Yetib kelganidan keyin u fohishabozlikka majburlangan bir necha ayoldan biriga aylanganini tushungan.

"Agar biz qochib ketishga harakat qilsak yoki Almazro‘i buyurganini bajarishdan bosh tortsak, badanimizni sigaret bilan kuydirardi", deya o‘zbek ayoli so‘zlaridan iqtibos keltiradi Tailand ommaviy axborot vositalari.

Ayollar politsiyaga murojaat qilganidan keyin Sayyohlik politsiyasi Patayya janubida joylashgan arzon mehmonxonani bosgan.

Tailand politsiyasiga ko‘ra, Almazro‘i xorijiy sayyohlar orasida mashhur Tailand ko‘rfazi qirg‘og‘idagi Patayya shahrida chet ellik ayollarni fohishabozlikka majbur qilgan bir necha kishilik guruhning a‘zosi bo‘lgan.

Almazro‘i sheriklariga qidiruv e‘lon qilingan.

O‘zbekistondagi og‘ir iqtisodiy ahvol millionlab sonda deb ko‘riladigan o‘zbekistonliklarni xorijdan daromad qidirishga majbur etadi, oqibatda ko‘p insonlar inson traffigi qurbonlariga aylanadilar.