Xitoy: masjid buzilishiga qarshilar bilan politsiya kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan

Xitoydagi masjid
Image caption Xitoyning kommunistik rahbariyati diniy faoliyatni qattiq nazorat qiladi.

Xitoy shimoli-g‘arbidagi Ninsha Xui muxtor bo‘lgasida namoyishchilar va masjidni buzib tashlamoqchi bo‘lgan politsiya kuchlari o‘rtasida to‘qnashuv ro‘y bergan.

BBC muxbiriga ko‘ra, 50 ka yaqin odam turli darajada jarohat olgan va yana 100 ga yaqin odam hibsga olingan.

Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, ikki inson halok bo‘lgan.

Xitoy rasmiylari noqonuniy qurilgan masjid buzib tashlanganinini ma‘lum qilganlar.

Ninsha Xui muxtor bo‘lgasida Dungan millatiga mansub bir necha million musulmon yashaydi.

Xitoyning kommunistik rahbariyati diniy faoliyatni qattiq nazorat qiladi: har bir masjid yoki ibodatxonaning qurilishi rasman tasdiqdan o‘tishi lozim, deb yozadi BBC muxbiri.

Ninsha Xui muxtor bo‘lgasidagi partiya rasmiysining BBC muxbiriga aytishicha, Xeshi qishlog‘idagi bino noqonuniy qurilgan bo‘lgan, shuning uchun bu masjid buzib tashlangan.

Dunyo Uyg‘urlari Kongressi bosh kotibi Iso To‘lqin Ninshada masjid ilk bor buzib tashlanayotgani yo‘q, deydi.

"Biroq Ninshada Sharqiy Turkistondagiga solishtirganda bir qadar diniy erkinlik mavjud", deydi Iso To‘lqin.

Qishloqda yuz bergan g‘alayonlar miqyosi haqidagi ma‘lumotlar turlicha.

Xongkongda joylashgan inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, qishloqqa mingtacha politsiyachi tashlangan, ularga yuzlab musulmon Dunganlar qarshi chiqqanlar.

Qishloqda yashovchilardan biriga tayanib inson haqlari guruhi 50 kishi yaralangani, yuz kishi hibsga olinganini xabar qiladi.

Xitoy rasmiylari bir necha kishi hibsga olinganini tasdiqlashdi, kam sondagi odam jarohatlangan, deyishgan.

Rasmiylar qishloqqa tashlangan politsiya kuchlari soni haqida gapirishni istashmagan, birorta ham odam o‘lgani yo‘q, deb aytishgan.

Xitoyning davlat nazorati ostidagi matbuoti Ninshadagi g‘alayon haqida xabar bermagan.

Bundan oldin Xitoy janubi-sharqidagi Guangdong viloyatida tartibsizliklar yuz bergan, bunga rasmiylarning ekin maydonlari o‘rniga elektr stantsiyasi barpo etish rejasi sabab bo‘lgani haqida xabar qilingan.

BBC muxbiriga ko‘ra, har yili Xitoyda minglab ommaviy noroziliklar yuz beradi, bu borada Xitoy rasmiylari ovoza qilishni istamaydilar.