Prezident Karimov: 2012 yilda ijtimoiy sohaga davlat byudjetining 60 foizi yo‘naltiriladi

Prezident Islom Karimov
Image caption O‘zbekistonliklarning real daromadlari 2012 yilda 22-24 foiz oshadi, deydi Prezident Karimov.

Prezident Islom Karimov o‘zining yangi yil tabrigida o‘zbekistonliklarni barqarorlikni asrash va uning ta‘biricha, zararli ta‘sirlardan ogoh bo‘lishga chaqirgan.

"Hozirgi notinch davrda hammamiz ogoh bo‘lishimiz zarur", degan prezident davlat televideniyesi boshlovchisi tomonidan o‘qib eshittirilgan an‘anaviy tabrigida.

Janob Karimov 2011 yilda O‘zbekiston dunyoning iqtisodiy sur‘at bilan rivojlangan davlatlari qatoriga kirgani va mamlakatda bir millionga yaqin ishchi o‘rinlari yaratilganini aytgan.

Prezident tabrigida aytilishicha, o‘tgan yilda O‘zbekistonda ish haqi, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar 20,2 foiz, pensiyalar 26,2 foiz, o‘zbekistonliklarning real daromadlari 23,1 foiz oshgan.

2012 yilda davlat byudjetining 60 foizini ijtimoiy sohaga yo‘naltirishga va‘da berilgan.

Prezident tabrigiga ko‘ra, bu mablag‘ning aksar qismi tibbiyot, ta‘lim-tarbiya, ilm-fan va madaniyat tarmoqlarini rivojlantirishga qaratiladi.

Aksar o‘zbekistonliklar ushbu 60 foiz qancha mablag‘ni tashkil etishini bilmaydilar.

Mamlakatda 1990 yillar o‘rtalaridan buyon barcha real statistik ko‘rsatkichlar sir tutiladi, faqat Jahon banki 2010 yilda O‘zbekiston Yalpi Ichki Mahsulotini hajmini qariyb 39 milliard dollar deya baholagan.

Xalqaro moliya tashkilotlari o‘z hisobotlari hukumatlar taqdim etgan statistik ma‘lumotlarga asoslanishini bildirib keladilar.

Hukumat tanqidchilariga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yil mobaynida 1 million atrofida yangi ish o‘rinlari faqat qog‘ozdagina yaratilmaganini isbotlashning imkoni yo‘q.

Yaqin-yaqin yillargacha ham fermer xo‘jaliklarida band bo‘lganlarning oilasini boqish uchun Rossiya, Qozog‘iston yoki boshqa xorij mamlakatlaridan ish izlashlariga to‘g‘ri kelmoqda, dekabr oyida Rossiya Markaziy banki faqat pul o‘tkazish yo‘li bilan O‘zbekistonga uch oy mobaynida 1,5 milliard dollar mablag‘ jo‘natilgani haqida xabar tarqatdi.