Qozog‘iston talabalari bir oylik ta‘tilga chiqarildilar

Image copyright Reuters
Image caption Talabalarning uzoq ta‘tili borasida rasmiylar sharh bermaganlar

Qozog‘istonlik talabalar ilk bor bir oylik qishki ta‘tilga chiqdi. Rasmiylar talabalarning nima uchun uzoq ta‘tilga yuborilishi borasida biror izoh bermagan. Parlament saylovi arafasida talabalarning katta shaharlardan uzoqlashtirilishi Janao‘zendagi so‘nggi qonli to‘qnashuvlar bilan bog‘lanmoqda.

Qozog‘istondagi Oliy o‘quv yurtlarida o‘quvchi talabalar yanvar oyining so‘nggigacha dam oladi. Bu Qozog‘istonda birinchi marta kuzatilayotgan holat. Odatda talabalar uchun qishki ta‘til ko‘pi bilan 2 hafta beriladi va yanvar oyining o‘rtalaridan oliygohlarda o‘quv jarayoni boshlanadi.

Talabalarning bu yil nima uchun bir oylik ta‘tilga chiqishi borasida, Qozog‘iston Ta‘lim va ilm vazirligi biror izoh bermagan. Hatto talabalarga ham nima uchun bir oy o‘qish bo‘lmasligi borasida tushuntirish aytilmagan.

Ammo kuzatuvchilar talabalarning bir oylik ta‘tilga chiqishi 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlariga bevosita bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.

Saylov oldi jarayonlarini kuzatib, xisobotlar yozib borayotgan "Ar. Rux. Haq” jamoatchilik jamg‘armasi prezidenti Baxitjan Toregojina bu vaqtgacha muxolifat va kuzatuvchilar tomonidan saylovlarda hukumatga qarashli partiya tomonidan talabalarning ovozlarini majburan ishlatish hollari haqida qayd etilgan.

"Endi hukumat talabalarni uyiga qo‘yib yubordi va misol uchun Olma ota shahrida ularni majburan saylovga olib bormaydi. Muxolifat endi talabalarni ommaviy ravishda majburan ovoz berishni tasvirga olish orqali saylovlarning noqonuniy o‘tganini isbotlay olmaydi. Ya‘ni hukumat nomiga aytiladigan ortiqcha tanqiddan qutildi”, - deydi Baxitjan Toregojina.

15 yanvar kuni Qozog‘iston parlamenti uchun muddatidan oldin bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan 7 partiya ariza topshirgan.

16 dekabr kuni Janao‘zen shahridagi qo‘n to‘kilishlardan so‘ng muxolifatdagi ayrim partiyalar saylovlarni noma‘lum muddatga qoldirish talabi bilan chiqdi.

"Azat” umummilliy sotsial demokratik partiyasi faollaridan Galim Ageleuov Olma ota va Ostona kabi yirik shaharlarda saylovlarda bo‘ladigan qallobliklarni ommaviy axborot vositalari orqali tarqatish imkoni ko‘pligini aytadi.

Birmuncha erkin va faol bo‘lgan talabalar bu jarayonda ishtirok etishi mumkinligi hukumatni xavotirga solgan bo‘lishi mumkin. Ikkinchi sabab esa, Janao‘zendagi hodisalarga bevosita bog‘lik.

"Ikkinchi sabab Janao‘zenga bog‘liq ma‘lumot. Odamlarni o‘ldirgani haqidagi xabar talabalarning orasida tez tarqaladi. Talabalar ijtimoiy tarmoqlar orqali allaqachon ushbu xabardan ogoh bo‘lgan. Agar saylovlar adolatli bo‘lmasa, bu norozi kayfiyatni uyg‘otishi va yoshlarning maydonga chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deydi Galim Ageleuov.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda 600 mingdan oshiq talaba tahsil oladi. Talabalarning eng ko‘p qismi, ya‘ni 200 mingga yaqini Olma ota shahrida o‘qishadi.

1986 yilgi Jelto‘qsan (dekabr) ko‘tarilishida aynan talabalarning ishtiroki katta bo‘lgan.