Eron parlament spikeri muzokaralar uchun Turkiyaga safar qildi

Image copyright Reuters
Image caption Eronning maxfiy siyosiy tizimida Larijoniy janoblari katta ahamiyatga ega ekani aytiladi

Eron parlamenti spikeri Ali Larijoniy o‘zaro taranglashib borayotgan aloqalar manzarasida Turkiyaga kelgan.

Turkiya rahbarlari Tehronning mintaqadagi eng asosiy ittifoqchisi bo‘lmish Suriya hukumatining aksil-hukumat namoyishlarini zo‘ravonlik bilan bostirishini qattiq qoralaganlar.

Eron, shuningdek, Turkiyaning NATO aksil-raketa mudofaa tizimining bir qismiga makon berish qaroridan norozi.

Oy boshida Turkiya Eronning yadroviy dasturi borasidagi xalqaro muzokaralarning qayta boshlanishiga chaqirgan.

Tomonlar bir yil avval Istanbulda uchrashganidan beri hech qanday muzokara o‘tkazilmagan.

Noqulay qo‘shnichilik

BBCning Istanbuldagi muxbiri Jonatan Hedning aytishicha, janob Larijoniy Eronning siyosiy tizimidagi eng nufuzli o‘yinchilaridan, shunday ekan uning Turkiyaga safari katta ahamiyatga ega.

Sobiq yadroviy muzokarachi sifatida janob Larijoniy Eronning G‘arb bilan muzokaralarni qayta boshlash istagi borasida Turkiya rasmiylariga ko‘proq ma‘lumot berishi mumkin.

Ikki qo‘shni mamlakat, shuningdek, AQSh qo‘shinlari chiqib ketishi ortidan Iroq borasida ham kelishib olishlari mumkin. Ular Iroqda raqib hisoblanadilar, lekin yomonlashib borayotgan vaziyatda ular hamkorlik qilishlari mumkin.

Turkiyaning Suriya hukumatiga qarshi adovati va NATO aksil-raketa tizimiga mezbonlik qilish rejasi Eronning g‘azabini qo‘zg‘atgan, lekin oxirgi paytlarda Eron rasmiylari Turkiya siyosati borasidagi tanqidlarini biroz yumshatganlar.

O‘z navbatida, Turkiya energiya zahiralari uchun Eronga tayanib qolgan - AQShning qarshiligiga qaramay, Turkiya o‘zidagi neftning 30 foizini Erondan sotib oladi.

Muxbirimizga ko‘ra, Turkiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar har doim noqulay bo‘lib qoladi va o‘tgan bir yil ichida arab dunyosida yuz bergan taloto‘plar bu farqlarni yanada kattalashtirib ko‘rsatdi. Biroq, Eron ham, Turkiya ham oxirgi yillarda shakllangan o‘zaro ishonchni qo‘ldan boy berishni istamaydi.