Rossiya muxolifati: mitinglar borasidagi qaror "qo‘rquv ishorasi"

Image caption Dekabr oyida bo‘lib o‘tgan yirik namoyishlar Rossiya hukumatini biroz shoshirib qo‘ydi

Moskvada dekabr mitinglari tashkilotchilari, xususan Boris Nemtsov, Rossiya prezidentining Kreml oldidagi Vasilevskiy spuskda namoyish o‘tkazish uchun ruxsat olish borasidagi qarorini rossiyaliklarning o‘sib borayotgan faolligidan qo‘rquv deya tasvirlagan.

Farmon yangi yil tantanalari qizigan vaqtda imzolangan va 4 yanvarda kuchga kirgan.

Prezident Dmitriy Medvedevning bu yangi farmoniga muvofiq, Moskva markazidagi Vasilevskiy spusk hududida o‘tadigan namoyishlar va ommaviy tadbirlarga endi Moskva hokimiyati emas, balki shaxsan prezidentning o‘zi ruxsat beradi.

Rossiya muxolifatining liderlaridan biri Boris Nemtsovga ko‘ra, hukumat muxolifat Saxarov prospekti va Bolotnaya maydonidagidek namoyishlarni Vasilevskiy spuskida ham o‘tkazish uchun Moskva hokimiyati bilan kelishib olishi mumkin deb qo‘rqadi.

"Biz 24 dekabrda namoyishni Vasilevskiy spuskda o‘tkazishga shaylanganimizda bu Putin va Medvedevni shok holatiga solib qo‘ydi", dedi u BBC bilan suhbatida.

"Qo‘riqxona"

Dmitriy Medvedevning ommaviy chiqishlar qoidalarini kuchaytiruvchi farmoni "Kreml atrofidagi qo‘riqlanadigan hudud" va Kreml devorlari bo‘yidagi hududlarga tegishlidir.

Kreml yonida qandaydir tadbir o‘tkazish uchun faqatgina hukumat, Federatsiya Kengashi, Duma, yuqori darajali mahkamalar va Moskva hokimi tashabbus bilan chiqishi mumkin. Farmonda oddiy fuqarolarning yoki siyosiy birlashmalarning bu borada prezidentga ariza berishi borasida hech narsa aytilmagan.

"Birdamlik" muxolif harakatining a‘zosi Nadejda Mityushkina ham Medvedevning qarori "qo‘rquvning ishorasi" deb biladi.

"Maydonning ba‘zi qismlarini ataylab ta‘mirlashdi va to‘siqlar bilan yopib tashlashdi", dedi Mityushkina BBC rus xizmatiga.

"Maydonlarning hajmini hisobga oladigan qoida bor. Bir maydonda, masalan, 10 mingdan oshiq odam qatnashadigan namoyishga ruxsat berilmaydi, chunki buncha odam sig‘maydi u yerga. Boshqalarida - 30 ming, 40 ming. Mening fikrimcha, endi odamlar norozilik qilib chiqmasliklari uchun Moskvadagi katta maydonlarni yopa boshlaydilar", dedi Bolotnaya maydoni va Saxarov prospektidagi mitinglar uyushtiruvchisi.

Undan tashqari, Mityushkina xonimga ko‘ra, Moskvada yirik norozilik aktsiyalarini o‘tkazishga qulay bo‘lgan maydonlar shundoq ham kam.

Vasiliy Blajenny xrami yonida Vasilevskiy spuskni Varvarka ko‘chasidan ajratib turuvchi devor allaqachon qurilgan.