Prezident Nazarboyev davlat to‘ntarishlariga qarshi chiqdi

Image copyright AP

Nursulton Nazarboyev davlat to‘ntarishlari yuz bergan mamlakatlarda iqtisod 10-15 yilga orqaga ketganini aytgan.

Olma-Otada madaniyat va san‘at sohasida prezident va davlat stipendiyalari sohiblari bilan uchrashuv chog‘ida gapirgan janob Nazarboyev dunyodagi o‘zgarishlarning oqibatlaridan ogohlantirgan. Yana ushbu mavzuga oid

"Davlat to‘ntarishlari yuz bergan mamlakatlar, ularning iqtisodlari 10-15 yilga orqaga ketdi", - deya Prezident Nazarboyevning so‘zlarini keltiradi Interfaks agentligi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, "yoshlarning qandaydir qismi dunyoda yirik o‘zgarishlar kechayotgani bilan qiziqadi. Afrikada, Ovro‘poda".

"Yosh avlodga oq-qorani tanitish, bizga hasad bilan qarovchilar borligi, tabiiyki, ular bizning hozirgidek yaxshi yashashimizni istamasliklarini tushuntirish lozim",- deb aytgan Qozog‘iston rahbari.

Qozog‘istonni qariyb chorak asrdan buyon boshqarib kelayotgan 72 yoshli Nursulton Nazarboyev yakkahokimligi uchun tanqid qilinsa-da, iqtisodiy islohotlari uchun olqishlanadi.

Inqilob qo‘rquvi?

Prezident Nazarboyevning so‘nggi bayonoti uning avvalroq arab davlatlaridagi inqiloblarga bergan bahosidan keskin farq qiladi.

Janob Nazarboyev o‘tgan yilning noyabrida Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda yuz bergan inqiloblarga munosabat bildirarkan, ularning ortida ijtimoiy adolatsizliklar turganini aytgan edi.

“Biz Shimoliy Afrika, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Buyuk Britaniya va Ovro‘poda aksilhukumat namoyishlariga guvoh bo‘lib turibmiz. Bularning barchasi adolatga borib taqaladi. Chunki eshitganimiz faqat – erkinlik va adolat degan so‘zlar bo‘lmoqda”,- deb aytgan qozoq rahbari Rossiyaning Interfaks va Ria-Novosti agentliklariga bergan intervyusida.

Prezident Nazarboyev erkinlik talabi normal, lozim narsa ekani, bu borada ortiqcha gap-so‘zga o‘rin yo‘qligi va buni o‘zlari ham esdan chiqarmasliklarini urg‘ularkan, ayni o‘rinda so‘z adolat haqida ketayotganini alohida ta‘kidlagan.

Qozoq rahbariga ko‘ra, o‘ta boylar va o‘ta nochorlar orasidagi farq kengayib bormoqda. Hamda global moliyaviy inqiroz ushbu muammoni yanada chuqurlashtirgan.

Uning aytishicha, iqtisodiy bo‘hron ortidan qator Ovro‘po va Shimoliy Afrika davlatlarida aholi turmush tarzining yomonlashishi bu kabi inqiloblarga yetaklagan.

Prezident Nazarboyevga ko‘ra, xuddi shu sababdan ham ijtimoiy adolat, xalqning hayot darajasini yaxshilash va iqtisodni ham ayni shu narsaga yo‘naltirish bosh masala bo‘lmog‘i lozim.

Qozog‘iston rahbarining oxirgi bayonoti Janao‘zenda 16 kishining o‘limiga olib kelgan notinchliklar manzarasida yangramoqda.

Prezident Nazarboyev hodisalarda "bezorilar"ni ayblagan.

Seshanba kuni janob Nazarboyev qozoq parlamentining favqulodda holat amal qilayotgan Janao‘zenda parlament saylovlarini o‘tkazmaslik qaroriga veto qo‘ygan.

Inson huquqlari tashkilotlari qozoq maxsus kuchlarining Janao‘zendagi namoyishchilarga qarshi haddan tashqari kuch qo‘llaganini tanqid qilishgan va hodisalar yuzasidan mustaqil halqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqirganlar.