Turkmanistonda siyosiy partiyalar tuzishga ruxsat etildi

Image caption Janob Berdimuhammadovning Turkmaniston Demokratik partiyasi mamlakatdagi yagona partiya sanaladi

Turkmaniston parlamenti "Siyosiy partiyalar to‘g‘risidagi" qonunni qabul qilgan.

Turkman davlat matbuotining xabar qilishicha, yangi qonun partiya tuzish shartlarini belgilab beradi va siyosiy partiyalarning davlat bilan munosabatlarini tartibga soladi.

Hozircha Turkmanistonda yagona partiya - Turkmaniston Demokratik partiyasi amal qiladi.

1991 yilda asos solingan TDP sobiq kommunistik partiyaning merosxo‘ridir.

Joriy prezident Gurbanguli Berdimuhammadovga qadar partiyaga 15 yil davomida mamlakatning marhum prezidenti Saparmurod Niyozov rahbarlik qilgan.

2006 yilda Turkmanboshining o‘limidan so‘ng hokimiyatga kelgan janob Berdimuhammadov bir necha bor mamlakatda yangi partiyalar tuzilishi ehtimoli haqida gapirgan.

U jumladan, dehqonlar partiyasi hukumatning agrar siyosatini tadbiq etishga yordam berishi mumkinligini aytgan.

Ammo bu boradagi bayonotlarga qaramay, hozircha janob Berdimuhammadovning partiyasi yagona partiya bo‘lib qolmoqda.

"Haqiqiy demokratiya"

"Siyosiy partiyalar to‘g‘risida"gi qonun mamlakat prezidentligiga saylovlar arafasida qabul qilingan.

12 fevralda o‘tadigan saylovlarda uch nomzod joriy prezident bilan bellashadi.

Turkman televideniyesining xabariga ko‘ra, Toshovuz viloyati hokimi hamda o‘rta bo‘g‘indagi hokimiyat mulozimlari bo‘lgan yana ikki nomzod allaqachon saylovlarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishgan.

Prezident Gurbanguli Berdimuhammadov adolatli va erkin saylovlar o‘tkazishga va‘da bergan.

U shuningdek, muhojirotdagi muxolif guruhlarini ayni saylovda ishtirok etishga taklif qilgan.

Prezident "Turkmaniston haqiqiy demokratiya yo‘lidan borishi va rivojlanishi"ni aytgan.

Turkmanistonning xorijdagi muxolifati aksariyat faollarning mamlakat ichkarisida sirtdan hukm etilgani va ularning prezidentlik saylovlarida ishtirok etishlari imkonsiz ekanini aytgan.

Mustaqil Turkmaniston tarixida hech qachon erkin va adolatli saylov o‘tmagan.

Mamlakat sobiq Prezident Niyozov - Turkmanboshi boshqaruvi ostida dunyodagi eng yopiq diktatorlik tuzumlaridan biri sifatida tanilgandi.

Aksariyat kuzatuvchilar, o‘tgan 5 yil mobaynida Turkmanboshi shaxsiga sig‘inish o‘rnini Berdimuhammadov shaxsiga sig‘inish egallab borayotganiga e‘tibor qaratishadi.

Janob Berdimuhammadov ta‘lim va sog‘liq sohalarida ayrim islohotlarni o‘tkazgan, ammo jiddiy siyosiy islohotlarga qo‘l urmagan.

Jumladan, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat abgorligicha qolayotgani aytiladi.