O‘zbekistonda o‘zgarishlar ehtimoli katta...mi?

Image copyright Reuters

"O‘zbekiston yopiq qolmoqda va gapirish mumkin bo‘lgan fazo kichrayib bormoqda" - deydi o‘zbekistonlik jurnalist Abdumalik Boboyev -"Bundan vaziyatda norozilikning portlash darajasida chiqishi ehtimoli kuchayadi".

Hozir Ovro‘poda qolayotgan jurnalistning aytishicha, qashshoqlik va korruptsiya kabi illatlar boshqa sobiq sho‘ro mamlakatlarida ham mavjud, ammo u yerlarda ana o‘sha muammolarni ko‘tarib chiqish imkonlari bor. O‘zbekistonda esa bu borada hatto gapirib bo‘lmaydi.

Arab davlatlaridagi g‘alayonlar va inqiloblardan beri O‘zbekistonda nazorat kuchaytirilgan. Misr, Liviya, Tunis va boshqa arab davlatlaridagi xalq g‘alayonlari haqida juda cheklangan axborot tarqatilgan, ba‘zi holatlarda mazkur voqealar O‘zbekiston matbuotida deyarli eslatilmagan.

Keyinroq mamlakatda internet cheklovlari ham kuchaytirilayotgani, hukumat qo‘llovidagi ijtimoiy tarmoqlar tashkil etilayotgani kuzatiladi.

Boshqa tomondan, O‘zbekiston sekin-asta yana G‘arb bilan munosabatlarini tiklamoqda. AQSh Afg‘onistonga olib boradigan xavfsiz va o‘ng‘ay muqobil ta‘minot yo‘liga erishish uchun O‘zbekistonga ehtiyoji ortgan.

Vashington hozir qanday tuzum bilan murosa qilayotganini yaxshi tushunadi va Toshkent bilan muloqotlarda inson huquqlari masalasiga e‘tibor qaratilishini urg‘ulaydi.

Biroq inson huquqlari faollari amaliy ijobiy o‘zgarishlari kechmayotganin aytadilar.

Muhojirot va siyosat

Biroq bir necha million o‘zbekistonlik bugun Rossiyada mehnat muhojiri bo‘lib ishlamoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, u yerdagi nisbatan erkin matbuot va ochiqroq jamiyatni ko‘rayotgan muhojirlar onggida muyyan o‘zgarishlar kechishi ham tabiiy.

"Arab bahori so‘nayotgandek ko‘rinsa-da, ammo Rossiyada kuzatilayotgan namoyishlar O‘zbekistonga ham ta‘sir etmay qolmaydi" - deydi Abdumalik Boboyev -"O‘zbeklar Rossiya telekanallarini ko‘rishadi, muhojirlar u yerda ishlab kelishmoqda va voqelikni O‘zbekistondagi vaziyat bilan bilan solishtirishmoqda".

Arab davlatlaridagi g‘alayonlar sobiq Sovet Ittifoqiga ham sachraydi, degan fikrlar halicha o‘zini oqlamadi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, o‘zaro bordi-keldi kamligi, til farqliligi, ba‘zi yerlarda axborot to‘silgani va o‘rtadagi masofa ham bunga sababdir.

Ayni paytda, O‘zbekistonda qandaydir ommaviy noroziliklar kechishiga shubha qiladiganlar ham oz emas. Xususan, xalqaro inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, 2005 yilgi Andijon xunrezligi ortidan o‘zbeklar qattiq qo‘rquvda yashashmoqda va hukumat o‘z tanqidchilarini qo‘rqitish hamda jazolash yo‘liga o‘tgan.

Lekin sobiq SSSR so‘nggi yillar rangli inqiloblarga sahna bo‘ldi. Gurjiston, Ukraina va Qirg‘izistonda rahbarlar va tuzumlar o‘zgargandi.

Shu qatorda, mazkur o‘zgarishlar ko‘p hollarda ijobiy samara bermadi. Ukrainada, masalan, inqilobdan kutilgan natijalar chippakka chiqqani, yangi rahbariyat yana korruptsiyaga yo‘l qo‘yib bergani aytiladi. Bu mamlakatda keyinchalik yana sobiq tuzum tarafdorlari qudratga kelishdi.

Qirg‘izistondagi inqilob esa nafaqat tartibsizlik va boshboshdoqlik keltirdi, balki qonli milliy mojarolar o‘rtaga chiqdi. Ko‘plab kuzatuvchilar bu mamlakat hano‘z qonunsizlik, millatchilik va qashshoqlik tarafga qarab og‘ib ketayotganini aytishadi.