Iqtisodiy erkin davlatlar: Gonkong 1-o‘rinda, O‘zbekiston - 164

Image copyright Getty
Image caption Gonkong qatorasiga 18 marta jahondagi eng erkin iqtisod deya tan olinmoqda

Heritage Foundation tuzgan yillik ro‘yxatda Gonkong jahondagi eng erkin iqtisodlar orasida yana birinchi o‘rinni egallagan.

Singapur ikkinchi o‘rinda, uning orqasidan Avstraliya, Yangi Zelandiya va Shveytsariya ergashgan.

179ta mamlakatni o‘rganib chiqqan ro‘yxatda O‘zbekiston 164-o‘rinni egallagan. Rossiya esa 144-o‘rinda.

Belorussiya va Ukraina Rossiyadan ham repressivroq iqtisodlar qatorida 153 va 163-o‘rinlarni egallashgan.

Qirg‘iziston Marokash va Dominikan Respublikalari o‘rtasida 88-o‘rinda, lekin avvalgi yillarga qaraganda u yerda biznes yuritish uchun erkinliklar kamaygani qayd qilingan.

Iqtisodiy erkinliklar indeksi qonunlarning sifati, ularning samarasi, nazorat qiluvchi hukumat rasmiylari va idoralarning soni, hamda bozorlarning naqadar ochiqligiga asoslanib tuziladi.

O‘zbekiston

O‘zbekistonning o‘rni o‘tgan yilgi ro‘yxatdagidan o‘zgarmagan. U Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi 41 davlat orasida 37-o‘rinda va undagi iqtisodiy erkinliklar "o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past" deya tasvirlangan.

"O‘zbekiston iqtisodiy erkinliklarning ko‘p jabhalarida yomon ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib kelmoqda. Mazmunli islohotlarning yo‘qligi va iqtisodiy ekspansiya uchun energiya sektoriga qaramlikning davom etishi katta ko‘lamli iqtisodiy taraqqiyotga yo‘l ochib bermagan", deyiladi hisobotda.

Image caption O‘zbekiston va Rossiya nochor o‘rinlarda qolishda davom etmoqda

"Undan tashqari, mol-mulk huquqlarining yaxshi himoya qilinmagani va keng tarqalgan korruptsiya mustaqil adliya tizimi mavjud bo‘lmagan holda yanada abgorlashib, iqtisodiy erkinliklarni ortga tortgan va uzoq muddatli iqtisodiy taraqqiyotni bo‘qqan."

Hisobotda O‘zbekistonda biznesni boshqaruvchi qonunlar tadbirkorlar dinamizmini cheklab qo‘yishi, hamda ko‘p sohalarda davlatning aralashuvi o‘ta yuqori bo‘lib qolayotgani aytilgan.

Sarmoyaga kelganda, sarmoyalar shaffof emasligi, sarmoyaga bog‘liq qonunlar uzuk-yuluk holda amal qilishi va bizneslar rivojlanib kengayishiga to‘siq bo‘layotgani aytiladi.

"Norasmiy iqtisod ancha katta va aholining aksar qismi uchun ish manbasi bo‘lib qolmoqda", deyiladi hisobotda.

Jahonda erkinliklar cheklanmoqda

Hisobotda qayd qilinishicha, o‘tgan bir yil ichida jahon bo‘ylab iqtisodiy erkinliklar ahvoli yomonlashgan. Ekspertlar buni avvalo moliyaviy inqiroz manzarasida oshib borgan yirik davlat aralashuvi bilan izohlashadi.

Mutaxassislar asosan Shimoliy Amerika va Ovro‘poda iqtisodiy erkinliklarga to‘siqlarni aniqlashgan, markaziy va janubiy Afrikadagi ko‘plab davlatlarda esa buning aksi ko‘zga tashlangan.

Mavrikiy eng iqtisodiy erkin davlatlarning 10taligiga kirgan birinchi Afrika davlati bo‘ldi.

AQSh bu yilgi reytingda 10-o‘ringa tushgan. U o‘tgan yili 9-o‘rinda edi.

Sobiq Sovet davlatlari orasida Estoniya eng iqtisodiy erkin davlat deb topilgan. 16-o‘rin bilan u hatto Finlyandiya, Shvetsiya va Olmoniyadan o‘zib ketgan.