Erik Kantona prezidentlikka nomzodini ilgari surmoqchi

Image copyright AP
Image caption Erik Kantona moliyaviy inqiroz tufayli qashshoq aholining huquqlarini bir necha bor himoya qilib chiqdi

Manchester Yunaytedning sobiq a‘zosi, futbol yulduzi Erik Kantona kuch-qudratini endi siyosatga yo‘naltirgan ko‘rinadi.

Liberasion gazetasiga ko‘ra, u 2012 yilgi prezidentlik saylovida qatnashish uchun zarur bo‘ladigan 500ta ovozni so‘rab Frantsiyaning saylangan hokimlariga maktub yo‘llagan.

Uning o‘zi maqsadi Yelisey saroyini egallash emas, balki yomon sifatli uy-joy ta‘minotiga e‘tiborni qaratish ekanini aytgan.

O‘z maktubida janob Kantona o‘zini millionlab unutilgan oilalar haqida qayg‘urayotgan fuqaro deya tasvirlaydi.

Liberasion bilan suhbatida 45 yoshli Erik Kantona sport sohasidagi muvaffaqiyatlari va "artistik faoliyatlari" haqida eslata turib, oldida qo‘llab-quvvatlashi mumkin bo‘lgan ko‘plab hayriyalar bo‘lganini aytdi. "Lekin, men uy-joy masalasini tanladim, chunki u juda muhim va 10 million odamga bevosita ta‘sir qiladi", dedi u.

U ovozi eshitilishi mumkin bo‘lgan davrda bu haqida gapirishi muhim ekani va qashshoq oilalarni uy bilan ta‘minlash uchun kurashuvchi Abbe-Pierre Foundation (FAP) jamg‘armasi nomidan targ‘ibot ishlarini olib borayotganini aytdi.

FAP o‘tgan sentyabr oyida uy-joylar ahvolini yaxshilash bo‘yicha kampaniyani boshlagan va 100 mingdan oshiq imzo to‘plashga qodir bo‘lgan.

"Qirol Erikning" falsafasi

Manchester Yunayted ishqibozlari tomonidan 1990-yillarda "Qirol Erik" deb atalgan sportchi Old Trafforddan ketishidan avval ham falsafiy qarashlari bilan tanila boshlagandi.

1995 yilda bir ishqibozni tepgani uchun aybdor deb topilishi ortidan aytgan so‘zlari ko‘plarning yodida qolgan: "Chaykalar dengizga baliq tashlanadi deya umid qilib baliqchi kemaning ortidan tushadilar".

U 1997 yilda futbol kar‘erasiga yakun yasadi va Ken Louchning "Erikni izlab" filmida bosh rolni o‘ynadi.

2010 yilda u moliyaviy inqiroz uchun banklarni jazolash uchun odamlarni bank hisoblaridan barcha pullarini chiqarib olishlariga chaqirdi. Keyin ayon bo‘lishicha, o‘zining aktrisa rafiqasi bir bankning telereklamasida rol o‘ynagan.

Erik Kantona siyosatga aralashayotganiga iqtisodiy mavhumlik davridagi mas‘uliyat hissi turtki bo‘lganini aytadi. Lekin, uning tashabbusi siyosatchilar orasida katta dastak yig‘a olmadi.

Prezidentlik sayloviga sotsialistlar partiyasidan nomzodini ilgari surgan Fransua Hollandning voizi Mishel Sapin uy-joy muammosini hal qilish uchun yiliga qo‘shimcha 150 ming uy qurilishi kerakligini aytdi, lekin Erik Kantonaning usullaridan gumonsiradi.

"Agar har safar qaysidir sohani himoya qilish uchun prezidentlikka nomzodingni ilgari suraversang, unda prezidentlik ahamiyati va bu idora roli buzilib ketishi mumkin", dedi u.

Uy-joy ta‘minoti bo‘yicha vazir Benua Apparu uy-joylar sifatini yaxshilash zarurati borligini tan oldi, biroq bu muammo ta‘sir qilayotgan oilalar soni 3,5 millionga yaqin ekanini bildirdi.