O‘sh: VIChga chalingan bolalarga xorijiy shifokorlar yordam ko‘rsatishmoqchi

Image copyright BBC World Service
Image caption Qirg‘iziston janubida VICh yuqtirilgan bolalarning soni 200 dan ortiq ekani aytiladi

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligining bildirishicha, mamlakat janubidagi 200 dan ortiq VIChga chalingan bolalarga amaliy tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Slovakiyadan bir guruh shifokorlarni chaqirishgan.

Xorijlik shifokorlarni da‘vat etish tashabbusi bilan o‘tgan yil dekabr oyida mamlakat parlamentining sobiq spikeri Ahmatbek Keldibekov chiqqandi.

Kecha Qirg‘izistonga yetib kelgan hay‘at uch kun ichida VIChga chalingan bolalarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish va ularni davolash uchun O‘sh, Botken va Jalol-Obod viloyatlariga safar qilishadi.

Xasta bolalardan aksariyatining o‘shliklar ekanliklari aytiladi.

Ayon bo‘lishicha, ikki o‘rtada erishilgan kelishuvga muvofiq, kelasi olti oy davomida, ya‘ni toki bemor bolalar o‘zlarini o‘nglab olgunlariga qadar, slovakiyalik bir shifokor va hamshira Qirg‘izistonda qolishadi.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vazirligi mas‘ullariga ko‘ra, ular mahalliy shifokorlarga VIChga chalingan bolalarga qanday amaliy yordam ko‘rsatishni o‘rgatishadi.

Barcha lozim tibbiy jihoz va uskunalarni ham xorijlik shifokorlarning o‘zlari olib kelishadi.

Bundan tashqari, Qirg‘izistonda qilgan barcha sarf-xarajatlari ham ularning o‘z hisoblaridan bo‘lishi aytilmoqda.

Norozilik

So‘nggi paytlarda Qirg‘izistonda VIChga chalingan bolalarning yaqinlari bilan shifokorlar o‘rtasidagi ziddiyat keskinlashgandi.

Farzandlariga to‘rt yil avval turli kasalxonalarda VICh yuqtirilgan bir guruh onalar shifokorlarning qamalishini va davlat tomonidan o‘zlariga kattaroq tovon puli to‘lanishini talab qilishmoqda.

Onalar o‘zlariga o‘sha paytda berilgan tovon pulini "haqorat" deya tasvirlashgan.

Tibbiyot xodimlari esa, o‘zlarining aybdor emasliklarini aytib, yuqumli kasallikning tarqalishiga sog‘liqni saqlash muassasalaridagi yomon sharoitlar va moliyaviy yetishmovchiliklar sabab deyishadi.

Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari bilan solishtirganda, Qirg‘iziston sog‘liqni saqlash sohasiga eng kam mablag‘ ajratadi.

Shu bois, qirg‘iz hukumati shu kungacha jabrdiydalarning talablarini qondirishga muvaffaq bo‘lgan emas.

Ammo Qirg‘iziston parlamenti bolalar orasida VICh virusining tarqalishida aybdor shifokorlarning qattiqroq jazolanishiga va‘da bergan.

O‘z o‘rnida shuni ham ta‘kidlash joizki, o‘sha paytda shifokorlardan 35 nafarining ham o‘zlariga VICh virusi yuqtirib olishgani aniqlangan.