Ruslan Chagayev Kertson Mensuellga qarshi ringga tushadi

Image caption O‘zbekistonlik dongdor bokschining navbatdagi jangi 28 yanvar kuni Olmoniyaning Shtutgart shahrida bo‘lib o‘tadi

Professional boksda eng og‘ir vazn toifasida sobiq Jahon chempioni, o‘zbekistonlik dongdor bokschi Ruslan Chagayev navbatdagi jangini Trinidad va Tobagolik raqibi Kertson Mensuellga qarshi o‘tkazadi.

Olmoniya nashrlari tarqatgan xabarlarga ko‘ra, jang 28 yanvar kuni Gamburg shahrida bo‘lib o‘tadi.

Ruslan o‘tgan yil BBC O‘zbek Xizmatiga bergan so‘nggi suhbatida yana o‘z reytingini ko‘tarib, shu yil oxiri yoki kelasi yil boshlarida albatta Jahon chempionligi kamari uchun jang olib borish ahdida qat‘iy ekanini aytgandi.

Ruslan Chagayev o‘tgan yilning 27 avgust kuni Olmoniyaning Erfurt shahrida Jahon chempionligi uchun jangda rossiyalik raqibi Aleksandr Povetkinga ochkolar hisobiga yutqazib qo‘ygandi.

U 2007 yilning 14 aprel kuni boshqa bir rossiyalik raqibi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgandi.

Shundan so‘ng o‘z kamarini bir necha bor muvaffaqiyatli himoya qilgan Ruslan Chagayev 2009 yilning iyun oyida WBO va IBF tasnifi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni, ukrainalik bokschi Vladimir Klichkoga yengilib, chempionlik unvonidan butkul mahrum bo‘lgandi.

Ammo orada qator janglar o‘tkazib, yana ushbu maqom uchun kurashish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Ruslan Chagayev professional boksda shu paytga qadar ja‘mi 30 ta jang o‘tkazgan, shundan 27 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va bittasini durang hisobi bilan yakunlagan.

35 yoshli raqibi Kertson Mensuell esa, professional ringda 25 ta jang o‘tkazgan, shundan 22 tasida g‘alaba qozongan, uchtasini boy bergan.

Ikki raqibning janggi ham rejalangan boks kechasi Gamburgdagi besh yulduzli Grand Elysée mehmonxonasida mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da boshlanadi.

Xo‘sh, Ruslan bo‘lajak raqibi va janggi haqida nima deb o‘ylaydi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘quvchilarimiz tilaklari:

Boss

Ruslanga omad, O'ZBEKISTONni butun jahonga tanitgan sportchi G'ALABA qozonsin, omad!