AQSh askarlarining "Tolibon jasadlarini tahqirlagan"i tekshirilmoqda

Image caption Videoni kim yozib olgani yoki kim internetga qo‘ygani noma‘lum

AQSh armiyasi o‘zining bir guruh askarlari Tolibon jangchilari jasadlari ustidan siyayotganini namoyish qiluvchi videoni tekshirayotganini bildirgan.

AQSh Dengizchi Kuchlari internetga oshirilgan lekin hali tasdiqlanmagan mazkur klipda namoyon bo‘lgan amallar ularning harbiy qadriyatlariga mos emasligini aytishgan.

Videoklipda harbiy ustboshdagi to‘rt erkak kishi aftidan jonsiz bo‘lgan uch kishining ustidan siyayotgani ko‘rinadi.

Ulardan biri "Kuning yaxshi o‘tsin, oshna" deydi.

"Jirkanch va noaxloqiy"

Erda yotgan erkaklar qorachadan kelgan, oyoqyalang, kiyimlari keng. Ulardan biri qonga belangan.

Videoni kim yozgani yoki kim internetga oshirgani noma‘lum.

Harbiy ustboshdagi kishilar videoga yozib olinayotganlaridan boxabar ko‘rinadilar.

Pentagon voizi Kapitan Jon Kerbining bayonotida quyidagilar aytilgan: "Biz bu videodan juda bezovta bo‘ldik. Bular kim bo‘lsa ham va qanday sharoitda amal qilgan bo‘lsalar ham, bu o‘ta qo‘pol amal va harbiy xizmat a‘zosi uchun o‘ta nomaqbul."

AQSh Dengizchi Kuchlari ham shunga o‘xshash bayonot bilan chiqdi: "Namoyon bo‘lgan amallar bizning eng asosiy qadriyatlarimizga mos emas va Dengiz Kuchlarining tarbiyasidan darak bermaydi. Bu hol to‘la tergov qilinadi."

Afg‘onistondagi Tolibon voizi BBC bilan suhbatda o‘z harakati bu amalni qattiq qoralashini aytdi. "Bu inson qiladigan ish emas. Bu yovvoyi amal va bu haqida gapirish biz uchun uyat", dedi Tolibon voizi.

Afg‘on parlamenti a‘zosi Favziya Kofi oddiy afg‘onlar Tolibon borasida qanday fikrda ekanliklariga qaramay, baribir bu videodan hafa bo‘lishlarini aytdi.

"Gap bu yerda inson haqida, insonga hurmat haqida ketmoqda", dedi u BBCga.

Amerika-Islomiy Aloqalar Kengashi mazkur video umuman AQSh harbiylari tarbiyasidan darak bermasligini aytdi.

"Bu jirkanch, noaxloqiy video. Hech qanday harbiy buni ko‘rib g‘ururlanmaydi, ayniqsa Amerika harbiysi", dedi kengash voizi Ibrohim Huper BBCga. "Bu xalqaro urush qonunlariga qarshi, undan tashqari Amerika harbiy adliya qonunlariga qarshidir."

Voiz o‘z tashkiloti AQSh Mudofaa Vaziri Leon Panettaga maktub yo‘llab, undan zudlik bilan tergov o‘tkazishni so‘raganini bildirdi.