Moskvada taniqli tojik muxolifatchisiga suiqasd uyushtirilgan

Image caption Dodojon Atovulloyev Tojikistonda tinch yo‘llar bilan inqilobni amalga oshirish uchun namoyishlar o‘tkazishga qodir ekanini aytgan

Moskvada taniqli tojikistonlik jurnalist va muxolifat arbobi Dodojon Atovulloyevga suiqasd uyushtirilgan.

Unga payshanba oqshomida Moskvadagi Viajjio restoranida bir kimsa yaqinlashib, bir necha bor ko‘kragiga pichoq urgan.

Hozirda Rossiyaning qator internet xabar agentliklari ma‘lum qilishicha, janob Atovulloyevga hujum qilganlikda gumon qilingan kishi qo‘lga olingan. U LifeNews.Ru sahifasi tomonidan 23 yoshli Tojikiston fuqarosi ekani xabar qilinmoqda.

U hozirda so‘roq qilinmoqda. RIA "Novosti" xabar agentligining Moskva shahar Ichki Ishlar Boshqarmasiga tayanib xabar qilishicha, Moskva shahri Xamovniki tumani IIBsi tergov bo‘limi tomonidan qassddan og‘ir tan jarohati yetkazish aybi bilan jinoiy ish ochilgan.

Ayni damda janob Atovulloyev Sklifosovskiy nomli institutda jarrohlik amaliyotini boshidan kechirgani va, shifokorlar ma‘lumotiga ko‘ra, ahvoli barqaror ekani aytiladi.

56 yoshli Dodojon Atovulloyev muxolifatdagi "Vatandor" ijtimoiy-siyosiy harakatining rahbaridir.

U Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga qarshi keskin tanqidiy chiqishlari va maqolalari bilan tanilgan.

Arab inqiloblari ortidan janob Atovulloyev Tojikistonda "binafsha inqilobi" yuz berishi va Imomali Rahmonni barcha diktatorlar qismati kutayotganini aytib chiqqan.

Dodojon Atovulloyev prezident oilasini Tojikistondagi narkobiznesni nazorat etishda ham ochiqcha ayblagan.

Prezidentga muxolif doiralarda katta ta‘sir va obro‘ga egaligi aytilgan Atovulloyev quvg‘indagi taniqli tojik polkovniki Mahmud Xudoyberdiyev bilan yaqin aloqalarda ekanligini aytib keladi.

Munosabat

BBC bilan suhbatda janob Atoulloyev o‘limiga tojikistonlik taniqli arboblar va tashkilotlar o‘z munosabatlarini bildirishdi.

Tojikistondagi Jurnalistlar uyushmasi, mustaqil axborot vositalari uyushmasi va Media-Alyans jurnalist Dodojon Atoulloyevga suiqasdni qattiq qoralab, uni "so‘z erkinligiga tahdid" deya baholaganlar.

Mazkur tashkilotlar Rossiya huquq-tartibot organlaridan hujumni jiddiy tarzda tergov qilishni so‘raganlar.

Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasi rahbari Muhiddin Kabiri mazkur amalni qoralab, ayni damda suiqasd sabablari ma‘lum bo‘lmasdan shoshilinch tarzda biron tomonni ayblashdan tiyilish zarurligini aytdi.

Tojikiston Strategik Tadqiqotlari Markazining sobiq rahbari va parlament deputati Suxrob Sharipov suiqasd amalini Atoullovning professional faoliyatiga umuman bog‘lamaydi va siyosiy sabablar ehtimolini butkul rad etadi.

Janob Sharipovga ko‘ra, hujumni rus millatchilari uyushtirgan bo‘lishlari mumkin.

Taniqli Islomiy ulamo Hoji Akbar To‘rajonzoda esa Dodojon Atoulloyev rus millatchilari tomonidan hujumga uchragani borasidagi ehtimolni rad etib, ayni damda "bu hodisa tasodifiy emas" dedi.