Birma muxolifatining taniqli a‘zolari ozodlikka chiqarildi

Image copyright AFP
Image caption Birmada avf qilinganlar orasida taniqli dissdent Min Ko Nayng borligi aytilgan.

Birmada oxirgi yil mobaynida siyosiy mahbuslarga nisbatan e‘lon qilingan amnistiyaga muvofiq bir guruh taniqli dissidentlar ozodlikka chiqarildi.

Avf etilganlar orasida 1988 yili demokratik o‘zgarishlarni talab qilib ko‘tarilgan isyon rahbarlaridan bo‘lgan Min Ko Nayng ham bor.

Min Ko Nayng Birmadagi siyosiy mahbuslar orasida eng ko‘zga ko‘ringani, deya ko‘rilardi.

Xabar agentliklariga ko‘ra, qamoqxonadan chiqib kelgan dissidentni olomon qarshilagan.

1988 yilgi noroziliklardan so‘ng hibsga olinib, sakkiz yil qamoqda o‘tkazganidan so‘ng 2007 yili elektron matbuot vositalaridan foydalanganlik aybi bilan yana 65 yil qamoq jazosiga hukm qilingan Nilar Tiyen ham avf etildi.

2004 yili uy qamog‘iga mahkum etilgan sobiq bosh vazir Xin Nyunt ham ozod etilgan.

Birma davlat televideniyesi orqali berilgan xabarda aytilishicha, Prezident farmoniga muvofiq hammasi bo‘lib 651 mahbus avf etiladi.

BBCning Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘yicha muxbiriga ko‘ra, avf etilganlar siyosiy mavqei nazarda tutilsa ushbu amnistiya Birmadagi siyosiy islohotlar tomon qo‘yilgan qadamlardan shu vaqtgacha eng muhimi bo‘lishi mumkin.

Birma muxolifati rahbari Aun San Su Chi amnistiyani "ijobiy belgi" sifatida baholadi.

Islohotlar jarayoni

Birmada 2010 yil noyabr oyida qudratga kelgan fuqaro hukumati islohotlarni amalga oshirishini ma‘lum qilib, shu vaqtgacha qator siyosiy mahbuslarni ozodlikka chiqardi.

Yangi hukumat muxolifat rahbari Aun San Su Chini uy qamog‘idan ozod qilib, uning harakati bilan muzokaralarga kirishdi.

Hozirda Aun San Su Chining aprel oyida o‘tajak parlamentga oraliq saylovlarda ishtirok etishi kutilmoqda.

G‘arb Birmadagi islohotlarni olqishlab, kiritilgan jazo choralarini bekor qilishdan avval mamlakatdagi hamma siyosiy mahbuslarni ozod etish va chegara mintaqasidagi etnik mojaroni hal etishga da‘vat qilgan.

Birmada siyosiy mahbuslar soni haqida aniq ma‘lumotlar yo‘q. Ammo bugungi avfdan oldin ularning soni 600 dan mingga qadar ekanligi taxmin qilingandi.