Xitoyda ro‘y bergan izdihomdan so‘ng iPhone lar savdosi to‘xtatildi

Image copyright Getty
Image caption Xitoydagi Apple do‘konlarida iPhone lar savdosi to‘xtatib turiladi.

Apple shirkatining ma‘lum qilishicha, Xitoyda iPhone 4S rusumidagi yangi telefonlarni savdoga chiqarish vaqtida ola-tasir ro‘y berdi.

Pekinning Santulin mavzesidagi Apple ixtisoslashgan do‘koni tashqarisida haddan tashqari ko‘p odam yig‘ilganidan so‘ng eshiklarni ochish-ochmaslik borasida o‘ylanib qolishgan.

Olomon toqatsizlanib, tuxum ota boshlaganlar. O‘rtada politsiya bilan to‘qnashuv yuz bergan.

Xabar berilishicha, yangi telefonga muntazir bo‘lgan mijozlar tun bo‘yi do‘kon tashqarisida navbatda turganlar.

Avval e‘lon qilinganidek, erta soat 7 da do‘kon ochilmasligi aytilganidan so‘ng olmon "eshikni och", "yolg‘onchilar", deya hayqira boshlagan.

Xitoy jahonda mobil telefonlarning eng yirik bozori hisoblanadi. Apple uchun esa Xitoy ikkinchi yirik bozor.

Ovoz orqali boshqarish mumkin bo‘lgan iPhone 4S telefonlarini shirkat o‘z do‘konlari orqali savdoga chiqarish umidida edi.

Apple tomonidan chiqarilgan bayonotda aytilishicha, bugungi hodisa ortidan Pekin va Shanxaydagi do‘konlarida hamma rusumdagi iPhone telefonlarining savdosini to‘xtatib turadi.

Ushbu qaror Pekin va Shanxaydagi boshqa do‘konlar hech qanday muammolarsiz savdoga kirishganlariga qaramay qabul qilindi.

Applening ma‘lum qilishicha, bu do‘konlardagi iPhone 4S telefonlari sotib tugatildi.

Xitoydagi mijozlar hozirda bu telefonlarni Internet, China Unicom shirkati va yana qator maxsus ruxsatga ega do‘konlar orqali sotib olishlari mumkindir.