"Wikileaks ga ma‘lumotlarni oshirgan Bredli Manning harbiy tribunalga tortilishi kerak"

Image copyright AP
Image caption Bredli Manning ishini ko‘rib chiqayotgan qoralovchilar ish harbiy tribunalga oshirilishini talab qildilar.

Wikileaks vebsahifasiga mahfiy ma‘lumotlarni oshirgani aytilgan harbiy tahlilchi Bredli Manning ishi harbiy tribunalda ko‘rilishi kerakligi talab qilindi.

Aybdor, deya topilgan taqdirda Bredli Manning umrobod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

24 yoshli Manning o‘tgan dekabr oyida mahkamadan avval o‘tkaziladigan jarayonda hozir bo‘ldi va qoralovchi tomon uning ishi harbiy tribunalga oshirilishi lozimligini talab qildi.

Manningni 2010 yili may oyida hibsga olgandilar.

Dekabr oyidagi jarayonda uning himoyachilari harbiy xizmatda bo‘lgan vaqti turli ruhiy muammolardan aziyat chekayotgan bo‘lgani, shuning uchun uning boshliqlari mahfiy hujjatlar bilan ishlash ruxsatini bekor qilishlari kerak bo‘lganligini aytdilar.

Ayni vaqtda qoralovchi tomon Wikileaks asoschisi Julian Asanj bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqada bo‘lganligini da‘vo qilmoqda.

Wikileaks vebsahifasi tomonidan chop etilgan hujjatlar AQSh tarixida mahfiy hujjatlar oshkor bo‘lishining eng yirik hodisasi sifatida baholanmoqda.

Vebsahifa ommaga oshkor qilgan materiallar orasida 2007 yili amerika harbiy tikucharidan qilingan hujum oqibatida jurnalist va fuqarolarning o‘ldirilishi, shuningdek, 250 ming mahfiy diplomatik hujjatlar ham bor.

Iroqdagi urush bilan bog‘liq 400 mingga yaqin harbiy hujjat ham vebsahifaga oshirilgani aytiladi.

Bu hujjatlarda aytilishicha, Iroqda qiynoqlar qo‘llanishi va fuqarolar o‘limi bilan bog‘liq holatlar nazarga olinmagan.

Wikileaks tomonidan chop etilgan hujjatlar orasida Markaziy Osiyo davlatlaridagi diplomatik xodimlarning mahalliy siyosat va rahbar doiralari haqidagi hisobotlari ham bor.