Toliblar jasadlarini tahqirlagan AQSh askarlari shasxi aniqlandi

Image copyright BBC World Service
Image caption Amerika askarlarining Toliblar jangarilari jasadlari ustidan peshob qilayotganlari tushirilgan video Internetda paydo bo‘lgandi.

AQSh Dengiz Kuchlari rasmiysining BBCga aytishicha, Internetda paydo bo‘lgan amerika askarlarining Toliblar jasadlari ustidan peshob qilayotganliklari tushirilgan videodagi kamida ikki harbiyning shaxsi aniqlandi.

Bu video Internetdagi Youtube videoportalida paydo bo‘lganidan so‘ng AQSh Dengiz Kuchlari rahbariyati tekshiruv boshlanganligini ma‘lum qilgandilar.

AQSh va Afg‘oniston rasmiylari amerika askarlarining bu amallarini qoralab chiqqandilar.

Toliblar ham ushbu amalni qoralab, ammo siyosiy jarayonlarga ta‘sir ko‘rsatmasligini bildirganlar.

Bi-bi-si muxbiri Stiv Kingstonga ko‘ra, amerika rasmiylari shaxslari aniqlangan askarlar ismlarini oshkor etmaganlar, ammo xabarlarda aytilishicha, ular xizmat qilgan bo‘linma Shimoliy Karolinadagi yirik harbiy bazalardan birida joylashgandir.

AQSh matbuotida aytilishicha bu bo‘linma Iroq, Afg‘oniston va Guantamanamoda ham joylashtirilgan bo‘lgan.

CNN telekanalining xabar berishicha, bo‘linma askarlari Afg‘onistonga 2011 yilning boshlarida joylashtirilgan va sentyabr-oktyabr oylarida ortga qaytishgan.

Avvalroq AQSh Mudofaa vaziri Leon Panetta ham videodagi amalni qoralab, hodisa yuzasidan to‘liq tekshiruv o‘tkazilishini aytgandi.

Pentagon AQSh Mudofaa vazirining Afg‘oniston prezidenti Homid Karzay bilan bu borada telefon orqali suhbatlashganini tasdiqladi.

AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton matbuot anjumanida ushbu videodan "dahshatga tushgan"ligini aytdi.

Hozirda Afg‘onistonda 20 mingga yaqin AQSh Dengiz Kuchlari askarlari bor. Ularning aksari Qandohor va Helmand viloyatlarida joylashtirilgan.

Hammasi bo‘lib Afg‘onistonda 90 ming amerika askari mavjud. Prezident Obama bu askarlar 2014 yilda olib chiqib ketilishini ma‘lum qilgan.