O‘zbek fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirishdan maydalashtirishga o‘tilmoqda

Image caption O‘zbekistonda fermer xo‘jaliklari davlatning qattiq nazorati ostida amal qiladi

Xabarlarga ko‘ra, o‘zbek dehkonlari joylarda yerlarni ijaraga olishdan bosh tortishmoqda. Sabab hukumatning fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirish kampaniyasi chog‘ida ko‘pchilikning yerga egalik huquqlari poymol etilgani va fermerlarga o‘tkazilayotgan tazyiqlar ekani aytiladi.

Toshkent viloyatining Yangiyul tumanida hukumatning bu yildan boshlab paxta o‘rniga sabzavot va poliz mahsulotlarini yetishtirish haqidagi qarori ham fermerlarning qiziqishini uyg‘ota olmagan.

Yangiyo‘llik fermer, hamda fermerlar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoli Abduqodir Nazarovning BBCga aytishicha, bu kabi holat butun respublika bo‘ylab kuzatilmoqda.

Fermerning aytishicha, qishloq xo‘jaligidagi kamchiliklarini yashirish uchun mahalliy hokimiyatlar dehqonlarga zo‘ravonlik qilishadi.

"Masalan, kechqurun chaqirishadi. To‘rt yo besh kishi o‘tirib olishadi, prokuror, yo yordamchisi, hokim va muovini ham bo‘ladi, "falon kungacha paxta rejasini bajarib beraman, bo‘lmasa yerni o‘z ixtiyorim bilan topshiraman" deb arizani yoz deydi. Yozib bermasa, olib borib qamab qo‘yishi ham mumkin. Bechora fermer o‘zi shundoq ham qo‘rqib yotibdi, yozib beradi", - deydi Nazarov.

Fermerning aytishicha, 2011 yilda hech kimning yerib tortib olinmagan, chunki bu yerni keyin kimga berishning o‘zi hokimiyat uchun katta muammo. "Fermerlikka talabgorlar yo‘q hozir", - deydi u.

Yangiyo‘l tumani 2011 yildan boshlab paxtadan meva-sabzavot yetkazish tizimiga o‘tkazilgan. Biroq, bu fermerlar orasida yer uchun talashishga olib kelgani yo‘q.

"Paxtaga, bug‘doyga mo‘ljallangan fermer xo‘jaliklari juda yirik - 150-200 gektarlab yerlari bor. Meva-sabzavotda esa 30-40 gektardan oshiq yerlarni eplash juda qiyin fermerga. Shunga qarab endi fermer xo‘jaliklarini maydalashtiramiz deyishdi. Avval kattalashtirishgan edi. Endi maydalashtiramiz deganda, talabgorlar chiqmayapti. Chunki ishonch yo‘q, ayniqsa mahalliy hokimlarga ishonch yo‘q", - deydi Abduqodir Nazarov.

Unga ko‘ra, 2008 yilda chiqarilgan fermer xo‘jaliklarini kattalashtirish borasidagi prezident farmoni O‘zbekistondagi dehqonchilik sharoitlarini hisobga olmagan.

"Xo‘jaliklarni haddan tashqari kengaytirib yuborishgan. O‘zbekiston dehqonchilik sharoitiga to‘g‘ri kelmaydi bu. Fermer xo‘jaliklarining qarzlari ko‘payib ketgan", - deydi u.

Dehqonlar yillar osha paxta va bug‘doyning harid narxlarining pastligidan shikoyat qilib kelishmoqda.

"Masalan, bug‘doy respublika bo‘yicha o‘rtacha 290-300 so‘mdan olinadi, lekin yaqinda hisob-kitob qilib chiqdik, bug‘doyning tan narxi bir kilogramm uchun 600 so‘m bo‘layapti. Demak, fermer bug‘doyni yetkazib foyda emas, zarar ko‘radi", - deydi Abduqodir Nazarov.