Prezident Karimov: 'Amerika Afg‘onistondan chiqib ketgach, tahdid yanada kuchayadi '

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov 2014 yilda AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilganidan so‘ng Markaziy Osiyoga tahdid yanada kuchayishini aytgan.

O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 20 yillik sanasi munosabati bilan tabrigida janob Karimov Afg‘onistondagi "terrorchilik va ekstremistik faoliyatning kengayish xavfi kuchayishi" hamda Markaziy Osiyoda doimiy beqarorlik o‘chog‘ining yuzaga kelish xavfidan ogohlantirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda Markaziy Osiyo mintaqasi o‘zining ulkan tabiiy boyliklari sabab yirik davlatlarning strategik manfaatlari to‘qnashadigan hududga aylangan.

Janob Karimovga ko‘ra, mintaqadagi ziddiyatlar manzarasida O‘zbekiston o‘z armiyasini mustahkamlaydi va harbiy tayyorgarlikni kuchaytiradi.

O‘zbekiston rahbariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda urushlar ehtimoli katta.

"Mintaqamizda yuz berishi mumkin bo‘lgan jangovar harakatlar teatri sharoitida tajriba to‘plashni yanada oshirish, zamonaviy harbiy operatsiyalar o‘tkazishning asosiy tamoyil va usullariga oid bilimlarni takomillashtirish... zamonaviy va yuqori darajadagi aniqlik bilan zarba beradigan qurol-yarog‘larni qo‘llash asoslarini puxta egallashga asosiy e‘tibor qaratish zarur",- degan Prezident Karimov.

Ijtimoiy noroziliklar

Janob Karimov shuningdek, "mintaqaning alohida davlatlarida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashgani" mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotganini aytgan.

"Mintaqada joylashgan ayrim mamlakatlardagi ijtimoiy norozilikning kuchayishi... yomonlashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikka qarshi jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda", - deb aytgan Prezident Karimov, ammo aniq davlat nomini atamagan.

Prezident O‘zbekistonning o‘zidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol haqida lom-mim demagan, ammo harbiylarga yaxshi sharoitlar yaratilganini ta‘kidlagan.

O‘zbekiston armiyasi mintaqada nisbatan jang qilishga qodir armiya sifatida ko‘riladi.

Ammo shu bilan birga, mutaxassislarga ko‘ra, hukumat amalga oshirgan harbiy islohotlar korruptsiya va "dedovshina"ni yenga olmagan.

Vatan va tuzum himoyasida

O‘zbekiston armiyasi 1999-2000 yillarda Afg‘onistondan sizib kirgan islomiy jangarilar bilan to‘qnashgan va 2005 yilda Andijonda tinch namoyishlarni bostirishda ishtirok etgan.

O‘zbekiston mintaqa davlatlari orasida xarbiy xarajatlar bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi.

Matbuotda e‘lon qilingan raqamlarga ko‘ra, 2010 yilda harbiy xarajatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining 3.5 foizi yoki 1.5 milliard dollarga yaqin mablag‘ni tashkil etgan.

Mutaxassislarga ko‘ra, bu Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘izistonning birgalikdagi harbiy byudjetidan uch barobar ko‘pdir.

Rossiyada harbiy xarajatlar yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 2.9 foiz, Qozog‘istonda esa 1 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston shuningdek, mintaqada AQShning eng katta harbiy yordamini olayotgan davlat ham sanaladi.

O‘tgan yili Qo‘shma Shtatlar Kongressi O‘zbekistonga harbiy yordam ko‘rsatishga qo‘yilgan inson huquqlari bilan bog‘liq cheklovni olib tashlagan.

AQSh Afg‘onistonga tranzit davlatlar uchun ajratgan qo‘shimcha 90 million dollarning katta qismi ham O‘zbekistonga berishi xabar qilingan.

Rossiya matbuoti 2014 yilda Afg‘onistonni tark etishga tayyorlanayotgan Amerika qo‘shinlari harbiy texnikaning bir qismini O‘zbekistonda qoldirish yuzasidan muzokaralar olib borayotgani haqida yozgan.

Ammo na amerika va na o‘zbek tomoni bu xabarlarni sharhlamagan.