Qozog‘istonda muddatidan ilgari parlament saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Mamlakat bo‘ylab saylov markazlari mahalliy vaqt bilan erta soat 7 da ochilgan.

Markaziy Saylov Komissiyasiga ko‘ra, soat 12 gacha saylovchilarning 35 foizi ovoz bergan.

Qozog‘iston qonunchiligiga muvofiq qancha saylovchining ovoz berishidan qat‘iy nazar, saylovlar haqqoniy hisoblanadi.

Prezident Nursulton Nazarboyevning "Nur Otan" partiyasi aksariyat ovozlarni olishi kutilayotir.

2007 yildagi saylovlarda iqtidordagi partiya parlament quyi palatasidagi 107 o‘rinning hammasini egallagan.

Muxolifat partiyalari saylovlardan chetlatilgan.

Saylovlarda shuningdek, Qozog‘iston vatanparvarlari partiyasi, Kommunistik partiya, "Adilet", OSDP birlashgan muxolifat partiyasi va "Auыl" partiyalari ishtirok etmoqda.

Ammo Olma-Otadagi Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, ulardan faqat "Aq Jol" gina Prezident siyosatining haqqoniy tanqidchisidir.

Saylovlarni aslida shu yilning avgustida o‘tkazish rejalangan edi.

Ammo Prezident Nazarboyev o‘tgan yil noyabrida parlamentni tarqatib yubordi va muddatidan ilgari saylovlarni e‘lon qildi.

Rasman "Millat rahnamosi" maqomi berilgan janob Nazarboyev o‘tgan yil aprelida 95 yarim ovoz bilan yana bir muddatga prezidentlikka saylangan.

71 yoshli Nursulton Nazarboyev Qozog‘istonni sovet davridan buyon boshqarib keladi.

Uning boshqaruvi siyosiy barqarorlik va iqtisodiy isloxotlar uchun olqishlangan, ammo yakkahokimligi uchun tanqid qilinadi.

Yoppasiga ovoz berishlar

Qozog‘istondagi muxbirimiz Shodiyor Sayf Olma-Ota viloyatidagi Qaskelen shaharchasi va bir necha ovullarda bo‘lib, ovoz berish jarayonlarini kuzatgan.

Bir saylovchi muxbirning ko‘z ko‘ngida bir necha kishiga ovoz berish holati bir necha marta takrorlangan.

360 chi saylov uchastkasi kotibi Assem Moldabek qizi soat 12 ga qadar saylovchilarning deyarli 50 foiz ovoz berganini, o‘tgan parlament saylovlarida ushbu uchastkadagi 2 mingdan ortiq saylovchi to‘liq 100 foiz ovoz berganini aytgan.

Muxbirimiz saylovchilarning asosan qariyalar ekaniga e‘tibor qaratgan. Saylovchilar parlamentning yangi a‘zolaridan hayotni yanada yaxshilashni, nafaqa va maoshlarning oshirilishini kutishayotganini aytgan.

Ovulning boshqa joylarida bo‘lgan Bi-bi-si muxbiri odamlarning saylovga bormayotganini o‘rgangan. Yoshlar ish bilan bo‘lib saylovga vaqt yo‘qligini aytgan bo‘lsa, ayrim fuqarolar saylovga taklifnoma olmaganini va qayerga borib ovoz berishni bilmasligini aytgan.

Lira qishloq okrugidagi odamlar saylov taklifnomasini umuman olmaganini aytishgan. Muxbirimiz bilan suhbatda bo‘lgan nafaqa yoshidagi chol kampir ovoz berish uchun tuman markaziga ketayotganini va u yerda qo‘shimcha ro‘yxat tuzib ismlarini tirkashlarini va shundan so‘ngina ovoz berishlari mumkinligini aytishgan.

Ushba qariyalar bir necha yildan beri yer ololmayotganini va davlat tomonidan berilayotgan nafaqa faqat ko‘mir olishga yetayotganini parlamentga keluvchi deputatlar aholining ushbu muammolariga e‘tibor qaratishiga umid bildirgan.

Yoshlar esa parlament deputatlari yangi ish o‘rinlari yaratishda faol harakat qilishini hamda chekka qishloqlardagi bolalarning maktab yetishmasligi bilan bog‘liq muammosini yechishi kerakligini uqtirishgan.

Olma-ota shahridagi saylovchilar qudratdagi Nur otan partiyasiga ovoz berishayotganini aytishgan. Ular boshqa partiyalar haqida bilmasligi uchun shunday qarorga kelganini bildirishgan.

'Osoyishtalikka da‘vat'

Saylovlar arafasida janob Nazarboyev qozog‘istonliklarni mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni saqlashga da‘vat etgan.

Poytaxt Ostonada ovoz bergan Prezident Nazarboyev saylovlar Qozog‘iston uchun muhim sinov ekanini aytgan.

"Bu biz uchun katta sinovdir. Butun dunyodan kelgan 1000 dan ortiq kuzatuvchilar ushbu saylovlarni kuzatmoqda. Men ishonamanki, Qozog‘iston xalqi o‘z kelajagi, mamlakat taraqqiyoti hamda umumiy uyimiz bo‘lgan Qozog‘istonda tinch-totuv hayot uchun ovoz beradilar", - degan janob Nazarboyev.

Janob Nazarboyev saylovlar Qozog‘iston uchun muhim sinov ekanini aytgan

Ovoz berish jarayonlari o‘tgan oy Janao‘zenda sodir bo‘lgan tartibsizliklar manzarasida o‘tmoqda.

Ish tashlagan neftchilar bilan politsiya o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda kamida 16 inson halok bo‘lgan.

Janao‘zendagi komendantlik soati yanvar oyi oxirigacha uzaytirilgan.

Prezident Nazarboyev mamlakat Konstitutsiyaviy Kengashining Janao‘zenda saylovlarni bekor qilish haqidagi qaroriga veto qo‘ygan.

Markaziy Saylov Komissiyasi Janao‘zenga kuzatuvchilarning qo‘yilishini aytgan.

Avvalroq muxolifat nashri bo‘lgan "Golos Respubliki" ro‘znomasi muxbirlarining Janao‘zenga qo‘yilmagani haqida xabarlar olingan, ammo keyinroq jurnalistlarning o‘zlari shahar komendantiga murojaatlaridan so‘ng ruxsat berilganini aytishgan.

Nodemokratik saylovlar

Qozog‘istonda hozirga qadar bironta ham saylov g‘arblik kuzatuvchilar tomonidan erkin va demokratik, deb tan olinmagan.

Ammo Prezident Nazarboyev bu safargi saylovlarda xalqaro hamjamiyatga Qozog‘istonda haqiqiy muxolifat borligini namoyish etishlarini aytgan.

O‘tgan hafta Londondagi anjumanda chiqish qilgan Qozog‘iston Prezidentining siyosiy masalalar bo‘yicha maslaxatchisi Yermuhamet Yertisbayev hokimiyat Janao‘zendagi tartibsizliklarga "ijtimoiy davlat" barpo etish bilan javob berishini aytgan.

Uning aytishicha, saylovlarda iqtidordagi "Nur Otan" partiyasi mutlaq g‘alabani qo‘lga kiritadi va Prezident "Janao‘zen omili"ni hisobga olgan holda yangi hukumatni tuzadi.

Fuqarolik jamiyati faollari muxolifat partiyalarini saylovlarda ishtirok etmaslikka chaqirishgan.

Bir necha taniqli nomzodlar Janao‘zendagi voqealarga norozilik belgisi sifatida o‘z nomzodlarini qaytarib olganlar.

Neftga boy Qozog‘iston milliardlab dollar xorijiy sarmoyalarni jalb etgan, ammo aholining ba‘zi qismlari bu boyliklar Prezident va oilasiga yaqin bir hovuch insonlar qo‘lida to‘planganidan norozi.

Bu mavzuda batafsilroq