Qozog‘iston parlamenti endi ko‘ppartiyaviylik asosida faoliyat olib boradi

Image copyright Reuters

Qozog‘iston Markaziy Saylov komissiyasi muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylovlarning taxminiy natijasini e‘lon qilgan.

Prezident Nazarboyevning rahbarligidagi "Nur Otan" partiyasi eng yuqori 80 foiz ovoz to‘plagan.

Ikkinchi va uchinchi o‘rinda "Aq jo‘l" va Qozog‘iston Kommunistlar xalq partiyasi 7 foizdan ko‘proq ovoz to‘plab parlamentga kirishga muvaffaq bo‘ldi.

Prezident Nazarboyev saylovchilar "Nur Otan" partiyasiga yana bir bor ishonch bildirganini aytgan.

Muxolif partiyasi bo‘lmish "Azat" saylovlarning noqonuniy va nopok o‘tganini ma‘lum qilgan. Partiya ertadan boshlab noroziliklarini muddatsiz namoyishlar o‘tkazish orqali bildirishini ma‘lum qilgan.

"Bildirilgan ishonch"

Markaziy Saylov komissiyasining taxminiy ma‘lumotlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni katta farq bilan "Nur Otan" partiyasi to‘plagan. Partiya 80 foizlik natijani qayd etgan va parlamentdagi mutloq ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritadi.

Prezident Nazarboyev yarim tunda partiyadoshlarini g‘alaba bilan tabriklash uchun "Nur Otan"ning markaziy saylov oldi shtabiga kelgan.

Elboshi qozog‘istonliklar yana bir bor "Nur Otan"ga ishonch bildirganini va bu partiya dasturlari va ishi xalq tomonidan qo‘llab-quvvatlashini anglatishini aytgan.

Saylovlarning muvafaqqiyatli o‘tishi mamlakatdagi birdamlikning nishonasi ekanligini urg‘ulagan.

"Birligimizga hech narsa g‘ov bo‘la olmadi. Ayrim shaxslar Janao‘zendagi hodisalarni siyosiy maqsadlarda ishlatib ko‘rishga harakat qildi. Janao‘zenliklar esa, 70 foiz ovozini "Nur Otan"ga berib hammaga o‘z pozitsiyasini ko‘rsatib qo‘ydi", - deygan Nursulton Nazarboyev.

"Nur Otan" bilan birga parlamentga "Aq jo‘l" va Kommunistlar xalq partiyasi kiradigan bo‘ldi. Yetti foizdan ovozni bo‘lib olgan ushbu partiyalarning parlamentda muhim qarorlarning olinishida ta‘sir o‘tkaza olmasligi aytilmoqda.

Parlament saylovlarida ishtirok etgan muxolifatdagi "Azat" umummiliy sotsial-demokratlar partiyasi 1,5 foizdan ko‘proq ovoz olgan va parlamentga kirolmay qolgan.

Partiya a‘zolari ushbu saylovlarni Qozog‘iston tarixidagi eng nopok saylovlar ekanligini bildirdi va ertadan boshlab muddatsiz norozilik namoyishi o‘tkazishini ma‘lum qildi.

Partiya mas‘ullari ushbu saylovlardagi qonunbuzarliklar uchun shaxsan prezident Nazarboyev javobgar ekanligini urg‘ulashdi.

"Bugun o‘z noroziligimizni bildiramiz. Hukumat amal qilmaydigan va buzadigan qonun ostida yashashni bas qilish kerak. Shuning uchun ertaga norozilik aktsiyasini o‘tkazamiz. Har doimgidek, "Sariarqa" kinoteatri orqasida emas, balki Respublika maydonida yig‘ilamiz. Siyosiy kengash a‘zolari kelishga va bo‘lib o‘tgan sharmandali saylovlarga norozilik bildirishga ahd qildi", - deydi "Azat" partiyasi bosh kotibi Amirjan Qo‘sanov.

Partiya ma‘sullari ushbu norozilik amallari muddatsiz davom etishini va norozi kayfiyatda bo‘lgan boshqa siyosiy partiya va jamoatchilik tashkilotlari ham ishtirok etishi mumkinligini bildirishdi.

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti Qozog‘istondagi saylovlarni demokratik printsiplarga mos kelmaganini aytib chiqdi. Tashkilotga ko‘ra, ovoz berish jarayoni qattiq nazorat muhitida o‘tgan.