Pokiston Bosh vaziri bo‘ysunmaslik aybloviga yuz tutmoqda

Image copyright AFP

Pokiston Oliy Mahkamasi Bosh vazir Yusuf Rizo Giloniyga qarshi bo‘ysunmaslik ayblovini e‘lon qilgan.

Bu bilan Bosh vazirni javobgarlikka tortish ehtimoli paydo bo‘ladi.

Yaqinda mahkama hukumatdan qator yuqori martabali siyosatchilarni daxlsizlik maqomidan mahrum etishni talab qilgandi. Mahkama ushbu siyosatchilar ustidan korruptsiyaga bog‘liq ayblovlar bo‘yicha ish ochishni istayotgandi. Hukumat esa, bu buyruqqa bo‘ysunmagan.

Ochilishi lozim bo‘lgan mahkama ishlaridan biri Pokiston Prezidenti Osif Ali Zardoriyga qarshi ekani aytiladi. Hukumat esa, uning prezident sifatida daxlsizlikka ega ekanini aytadi.

Ammo, hukumatga berilgan muhlat dushanba kuni yakun topgan va rasmiylar mahkamaga chaqirilib, tushuntirish berish so‘ralgan.

Endi Giloniyga 19 yanvar kuni mahkamada hozir bo‘lish buyurilgan.

Oliy Mahkamaning qarori hukumat va armiya o‘rtasida tanglik kuchaygan bir paytda olingan.

Keyinroq, Pokiston parlamenti siyosiy rahbariyatga ishonch masalasi bo‘yicha ovoz beradi.

Qo‘shma Shtatlardan Pokiston armiyasi tomonidan davlat to‘ntarishini oldini olish uchun ko‘mak so‘ralgani borasidagi bahsli masala yuzasidan ham mahkama ishi qayta ochilgan.

Davlat to‘ntarishi 2011 yil may oyida "Al Qoida" rahbari Usma bin Lodinning o‘ldirilishi ortidan rejalangani haqida xabar qilingandi.

Oldinroq, Giloniy janoblari davlat to‘ntarishi borasidagi xabarlar "mish-mish"dan bo‘lak narsa emasligini aytgandi.

Muxbirlarga ko‘ra, Giloniy janoblari mahkama ishi jarayonida bosh vazirlik vazifasini bajaraveradi.

Agar u aybdor topilsa, o‘z-o‘zidan lavozimidan chetlatilishi mumkin.