O‘zbek talabalari yangi qonun-qoidalarga yuz tutmoqdami?

Image caption Talabalarning kiyinishi shu paytgacha yozilmagan qonunlarga oid nazorat qilingan.

O‘zbekistondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, mamlakat o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida talabalar hatti-harakati va kiyinishiga oid yagona nizom kuchga kirgan.

Bu borada xabar tarqatgan Urush va Tinchlikni Yoritish Institutiga ko‘ra, talabalarning diniy kiyinishini, o‘z o‘quv yurtini tanqid qilib internet sahifasida munozara olib borishi va yo o‘quv dargohida rok kontsertlari tashkil etishi ta‘qiqlanadi.

Dekabr oyida litsey, kollej va universitetlar talabalariga 23 betlik "Talaba kodeksi" bilan tanishish majburiyati yuklangan va har bir talabani "milliy mustaqillik mafkurasi an‘analariga binoan" o‘zini tutishga majburlovchi hujjatga imzo chekish so‘ralgan.

Urush va Tinchlikni Yoritish Institutiga ko‘ra, yangi qoidalarni buzganlar sessiya zachyotlarini ola olmasliklari, yoki o‘qishdan haydalishi mumkin.

Shu paytgacha O‘zbekistondagi har bir o‘quv yurti o‘z ichki tartib-qoidalariga ega edi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, ana shu qoidalarga binoan ro‘mol o‘ragan bir necha muslima talabalar o‘qishdan haydalgan hollari ham mavjud.

Toshkentdagi Sharqshunoslik Universitetida dars beradigan siyosatshunos Farhod Tolipovning BBCga aytishicha, bu kabi qoidalar hujjatlashtirilgan shaklda mavjud emas, lekin tarbiyaviy shaklda yo ma‘anaviy tadbirlar olib borish shaklida mavjud bo‘lishi mumkin.

"Talabalarning tashqi ko‘rinishi, hulq-atvoriga oid tegishli tarbiyaviy ishlarni olib borish mumkin, albatta", - deydi janob Tolipov.

Janob Tolipov bu kabi yangi kodeksdan xabari yo‘qligi va undan yangi hujjat bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib borish so‘ralmaganini, lekin domlalar talabalarga maslahat berib turishlarini aytadi.

"Konkretroq gapirsak, qizlar kalta yubkalarni kiyish, yelkalarini ochish, qornini ochishiga qarshi qandaydir shunday maslahatlar bilan murojaat qilishi tabiiy hol va bunday holatlar uchrab turadi", - deydi siyosatshunos.

Janob Tolipov maslahatlarga quloq tutmagan talabalarga qattiq jazo berilganidan xabari yo‘qligi, lekin tanbeh berilganini eshitganini aytadi. Ayni damda, u ochiqcha kiyingan qizlarning aksi, ya‘ni yopingan va musulmoncha ro‘mol o‘ragan qizlarning o‘qishga kelishi taqiqlanganini bildirdi.

O‘zbekistonda rasman qabul qilinmagan qonun-qoidalarga ko‘ra, oliy o‘quv yurtlari yoki maktablarga qizlarning ro‘mol o‘rab kelishi man qilinadi.

"Ro‘mol o‘rash, diniy ko‘rinishda yurish taqiqlanishi hollari bor. Lekin, ularni buning uchun o‘quv yurtlaridan haydash noto‘g‘ri amal. Bunday qonunning o‘zi mavjud emas", - deydi Farhod Tolipov.

Sizning bu "kodeks"dan xabaringiz bormi? Ma‘lumotga ega bo‘lsangiz, biz bilan bog‘laning.