Abu Qatada Iordaniyaga deportatsiya etilmaydigan bo‘ldi

Image caption Abu Qatada 1993 yildan buyon Britaniyada istiqomat qiladi

Radikal imom Abu Qatada Ovro‘po Inson huquqlari mahkamasida Britaniyadan Iordaniyaga ekstraditsiya qilinishiga qarshi ishda yutib chiqdi.

Abu Qatada Britaniyada "haqiqatdan ham xavfli shaxs" deb ko‘riladi va Britaniyaning "al-Qoida" bilan aloqaga ega radikallari qatorida e‘tirof etiladi.

Ovro‘po Inson huquqlari mahkamasi, shuningdek, Abu Qatadani mahkamaga tortilishi ehtimoli bilan ogohlantirildi.

Endilikda Britaniya hukumati mahkama qaroriga qarshi so‘nggi bor arz qilish huquqiga ega.

Bu arznoma uch oy ichida topshirilishi kerak. Agar Britaniya hukumati appellyatsiyaga qo‘l urmasa, unda Abu Qatadani hibsdan ozod etishiga to‘g‘ri keladi.

Qatadaga Iordaniyada terrorga aloqador qator ayblovlar bilan hukm o‘qilgan.

Uning aytishicha, bu ayblovlar boshqalardan qiynoqqa solib olingan ko‘rsatmalarga asoslangan va agar u qaytariladigan bo‘lsa, o‘ziga nisbatan ham yomon munosabat qilinadi.

Britaniya esa Iordaniya bilan bu mamlakatdan qaytarib yuboriladigan shaxslarning inson huquqlari himoya etilishiga doir memorandum imzolagan edi.

Strastburg mahkamasi ayni kelishuvni e‘tirof etdi.

Ammo hakamlar toki Abu Qatadaga qarshi birovlardan qiynoq orqali olingan ma‘lumotlar qo‘llanilishi ehtimoli saqlanib qolar ekan, uni Iordaniyaga jo‘natmaslik kerak, degan fikrda sobit qolishdi.

Falastin va Iordaniyalik bo‘lgan Abu Qatadaning besh farzandi bor va u o‘tgan olti yil davomida o‘zini Britaniyadan Iordaniyaga jo‘natilishiga qarshi kurashib kelar edi.

2007 yilda u muhojirlar ishini ko‘rib chiqadigan maxsus komissiyaga bu borada qilgan murojaati rad etilgandi.

Bu Britaniya hukumati uchun katta muvaffaqiyat sifatida ko‘rilgan edi.

Chunki bu Britaniya hukumati boshqa mamlakatlarda terrorchilikda gumon etilganlarni Britaniya mahkama tortmasligi kerak degan strategiyasi uchun yaxshi bir xabar edi.

Abu Qatada 1993 yilda Britaniyaga kelib boshpana so‘ragan, bungacha Pokistonning Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin bo‘lgasida istiqomat qilgan.

Oradan bir yil o‘tib, unga Britaniyada boshpana berilgandi.