Xitoyda iqtisodiy o‘sish o‘tgan yil oxirida sekinlashdi

Image copyright AFP
Image caption Xitoy oxirgi yillarda dunyoda eng tez sur‘atlarda o‘sayotgan mamlakatlardan biri hisoblanadi

Xitoy hukumati tomonidan berilgan raqamlarga ko‘ra, dunyoda ikkinchi yirik hisoblangan mamlakat iqtisodi o‘tgan yilning oxirgi choragida eng past sur‘atda o‘sgan.

Ichki yalpi mahsulot o‘tgan yil oxirgi uch oyida 2010 yilning oxirgi choragiga nisbatan 8.9% ga o‘sgan.

2011 yilning uchinchi choragida esa rivojlanish sur‘ati 9.1% ni ko‘rsatgan edi.

Xitoy statistika byurosi hisob-kitobiga ko‘ra, o‘tgan yil davomida yalpi ichki mahsulot 9.2% o‘sgan.

2010 yilda rivojlanish sur‘ati 10.3% ni tashkil etgandi.

Tahlilchilar Xitoy iqtisodiy o‘sishi bu yil yanada sekinlashishini bashorat qilishmoqda.

"2012 yil oxiriga qarasangiz, yilning birinchi choragida o‘sish sur‘ati yanada sekinlashayotganini ko‘rasiz. Chunki, Xitoyda pul siyosati o‘zgarmoqda," - dedi HSBC Xususiy Bankining Osiyo bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, Arjuna Mahendran.

O‘sish xavotirlari

Xitoy oxirgi yillarda dunyoning eng tez sur‘atlarda o‘sayotgan iqtisodlaridan biriga aylandi.

Biroq, hukumat tomonidan kiritilgan choralar qimmatbaho qog‘ozlarning haddan ziyod ko‘payib ketishi xavfini yaratdi.

Shuning uchun Xitoy endilikda ehtiyotkorlik bilan o‘sish sur‘atini sekinlashtirish yo‘llarini izlay boshlagan.

Ko‘chmas mulk va sarmoya bozorlar aylanishini sekinlashtirish uchun aholiga qarz berish tartiblari murakkablashtiildi.

Xitoyda ko‘chmas mulkka sarmoya yotqizish 2011 yilda 27.9% ga o‘sdi. Bu 2011 yilga nisbatan roppa-rosa 3% kamdir.

Biroq, iqtisodiy o‘sishning sekinlashuviga birgina ichki omillar ta‘sir ko‘rsatayotgani yo‘q. AQSh va Ovro‘podan talabning kamayishi tufayli Xitoydan eksport ko‘lami pasaydi.

2011 yilda zavod va fabrikalarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar 13.9% ga ortgan, bu 2010 yilda ishlab chiqarilgan mahsulot ko‘lamiga nisbatan bir oz kamroqdir.