Ostonadagi Jome‘ masjidi nega yondi?

Qozog‘istondan olingan xabarlarga ko‘ra, poytaxt Ostonadagi Markaziy Osiyodagi eng yirigi bo‘lishi aytilayotgan Jome‘ masjidida chiqqan yong‘inga payvandlash ishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Hali qurilish ishlari bitmagan "Hazrat Sulton" masjidi o‘tgan yakshanba kuni, Qozog‘istonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tayotgan bir paytda o‘t ichida qolgandi.

Yong‘in yuz bergan paytda qurilish sathida yuzdan ortiq quruvchining bo‘lgani aytiladi.

Ulardan barchasini xavfsiz yerga ko‘chirishga muvaffaq bo‘lingan.

Ammo yong‘in chog‘i bir kishining qurbon bo‘lgani rasman tasdiqlangan.

Yong‘in bir necha yuz kvadrat metrga yoyilib ketgani, uni o‘chirish uchun o‘ttizdan ortiq o‘t o‘chirish mashinalarining jalb etilgani aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, masjidga qo‘shilib tevarak-atrofdagi daraxtlarga ham o‘t ketgan va sathda suv bo‘lmagani bois, yong‘inni o‘chirish oson bo‘lmagan.

Lekin, shunga qaramay, mas‘ullar o‘tni o‘chirishga muvaffaq bo‘lishgani va hozirda hodisa sababini o‘rganishayotganini aytishmoqda.

"Hazrat Sulton" masjidini rasman o‘tgan yilning dekabr oyida, Qozog‘iston mustaqilligining 20 yilligi sanasida ochilishi rejalangandi.

Ammo qurilish ishlari bitmagani bois, bu sana ortga surilgandi.

Tayyor masjidning qariyb 20 ming chaqirim maydonni egallashi kutilmoqda.

Foydalanishga topshirilgach, masjidda 5 mingga yaqin namozxonning toat-ibodat qilishlari mumkinligi aytiladi.

Voqealarning boshqa bir rivojida esa, Ovro‘po Ittifoqining Tashqi ishlar bo‘yicha Oliy vakilasi Ketrin Eshton yakshanba kungi saylovlar haqida maxsus bayonot bilan chiqqan.

Eshton xonim, "Qozog‘istonda demokratik va plyuralistik siyosiy madaniyatning rivojlanishi yo‘lidagi ijobiy qadam ekanini aytib, mamlakat parlamentiga uch partiyaning kirishini xush qarshilashi"ni aytgan.

Ammo Ovro‘po Ittifoqining nufuzli vakilasi "parlament saylovlarining eng muhim demokratik me‘yorlarga javob bermagani"dan afsusda ekanini ham qo‘shimcha qilgan.

Saylovlarda Qozog‘istonning boshqaruvdagi "Nur Otan" partiyasi eng ko‘p ovozlarni to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi.