Pichoqlangan Atoulloyev hujum ortida rasmiy Dushanbe turganiga ishonadi

Image caption Dodojon Atoulloyev tojik hukumatiga qarshi keskin chiqishlari bilan tanilgan

13 yanvar kuni Moskvada pichoqlab ketilgan taniqli tojikistonlik jurnalist va muxolifat arbobi Dodojon Atoulloyev o‘ziga qilingan hujum uchun Tojikiston hukumatini ayblagan. Kasalxonadagi to‘shagidan BBCga bergan eksklyuziv intervyusida janob Atoulloyev o‘ziga qilingan hujum tafsilotlari va tojik hukumati bilan aloqalari haqida so‘zlab berdi.

56 yoshli Dodojon Atoulloyev muxolifatdagi "Vatandor" ijtimoiy-siyosiy harakatining rahbaridir. U Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga qarshi keskin tanqidiy chiqishlari va maqolalari bilan tanilgan.

Arab inqiloblari ortidan janob Atoulloyev Tojikistonda "binafsha inqilobi" yuz berishi va Imomali Rahmonni barcha diktatorlar qismati kutayotganini aytib chiqqan.

Unga pichoq urgan shaxs hali topilmagan. Gumon qilinib qo‘lga olingan Tojikiston fuqarosi ozod qilingan.

Tojikiston tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Davlatali Nazriyev Dodojon Atoulloyevning bayonotiga munosabat bildirib, faqat tergov ishlari jarayonida unga kim yo qaysi guruh suiqasd qilgani ma‘lum bo‘lishini aytdi.

Uning aytishicha, Tojikiston tashqi ishlar vazirligi suiqasd yuz bergan kuni hodisani qattiq qoralab, Rossiya huquq-tartibot organlarini suiqasdni har tomonlama tekshirishga chaqirgan edi.

Janob Nazriyevga ko‘ra, janob Atoulloyevning Tojikiston rahbariyatiga qarshi bunday ayblovi yangi hodisa bo‘lmay, u avvallari ham dalil keltirmay Tojikiston rahbariyati va hukumat a‘zolarni turli jinoyatlarda ayblagan.

BBC Dodojon Atoulloyevdan avvalo suiqasd kunini tasvirlab berishni so‘radi.

Atoulloyev: Bilasizmi, o‘sha kuni qandaydir bezovta bo‘lib, ko‘nglim g‘ash bo‘layotgandi. Nimadir yomon narsa bo‘lishini sezayotgandim. 20 yil davomida qo‘rquv hissi baribir bo‘lgan. Qisqacha aytsam, bir tojik vatandoshim qo‘ng‘iroq qilib, uchrashishni taklif qildi. U mening uyim yonida kafeda ekanini aytdi. Uydan chiqqanimda kechqurungi to‘qqizlardan oshgandi vaqt. Qorong‘i edi. Bir arkaning ostida o‘tdim, o‘tganimda bir tojikka o‘xshaydigan kishi turgandi. Bo‘yi baland, gavdasi katta edi. Qandaydir lahzalar bir-birimizga tikilib qoldik, u nimadir dedi, "nimaga menga qarayapsan?" dedi, yana keskin bir narsa dediyu, pichoq urdi. Zarba shunday kuchli ediki, og‘riqni umuman sezganim yo‘q. Qon chiqdi xolos. Yiqilganimda, boshim ko‘chaning mashinalar va odamlar o‘tayotgan tarafida edi. Keyin tez yordam keldi, militsiya paydo bo‘ldi. 10-15 minut hushimda edim, keyin o‘zimni yo‘qotdim. Bir-ikki kundan so‘ng reanimatsiyada ko‘zimni ochdim.

BBC: Sizga qo‘ng‘iroq qilgan tojik vatandoshingizni shaxsan taniganmisiz? Avvaldan tanishmidingiz?

Atoulloyev: Ha, men bilan uchrashuvni tayinlagan odamni bilardim, yaxshi tanimasdim lekin. U har doim o‘zini tojik rejimiga qarshi muxolifatchi deya taqdim qilib kelgan. Men ochiqcha siyosat bilan shug‘ullanaman, hech kimni hafa qilgim kelmaydi, va chaqirishsa, borib uchrashaman.

BBC: Shu vatandoshingiz va sizga hujum qilgan odam o‘rtasida bog‘liqlik bor deb o‘ylaysizmi? Yo bu tasodifmi?

Atoulloyev: Biz u vatandosh bilan ko‘risholmay qoldik, u meni kafeda kutayotganini aytgan vaqti, u kafeda bo‘lmagan ekan. Bu g‘alati. Bu tafsilotlarga hozir uncha berilmayapman. O‘zi oxirgi vaqtlarda Dushanbedan juda kuchli ishoralar olayotgandim. Prezident doirasidan, maxsus xizmatlar doirasidan ishoralar olganman. "Atoulloyev masalasini hal qilish kerak, uni nimadir qilish kerak" degan gaplar bo‘lgan.

BBC: Demak o‘zingizga bo‘lgan hujum ortida rasmiy Dushanbe turibdi degan shubhangiz bor, shundaymi?

Atoulloyev: Men shubha qilmayman, mening bunga ishonchim komil. Chunki mening hech kim bilan hech qachon shaxsiy adovatim bo‘lmagan, men aroq yo hatto pivo ichmayman. Siyosat mening hayotim, mening hatto oilaviy turmush tarzim ham siyosatga bog‘liq.

BBC: Sizga qarshi hujum uyushtirish nima uchun kerak Dushanbega deb o‘ylaysiz?

Atoulloyev: Bilasizmi, ular ko‘p harakatlar qilishdi. Prezident Rahmonov bilan 1998-yilda yuzma-yuz uchrashdim. Rahmonov meni 2004-yilda amnistiya ham qildi. Men Dushanbega katta delegatsiya tarkibida, xususan britaniyaliklar, olmon va ruslar hamrohligida bordim. Bu yil ham mustaqillik kuni arafasida Rahmonov odamlari bilan muzokaralarim bo‘ldi. Ular meni sotib olisholmadi, qo‘rqitishlari ham ish bermadi. Shuning uchun, ular oxirgi imkoniyatni qo‘llashdi. Menga ishoning, o‘zimni men oliy bir shaxs deb hisoblamayman. Men buyog‘iga ham shunday hayot kechirishni istamagan millionlab tojikistonliklardan biriman. Bu qonli rejim. Ular uchun qotillik, odamlarni qo‘rqitish yo yo‘q qilib yuborish oddiy bir narsadir. Men hayron qolganim yo‘q. Xudo meni asradi, pichoq yuragimga emas, yuragimning yoniga urildi. Lekin, bu nafaqat menga, balki ko‘plab bizning tarafdorlarimizga yangi kuch bahsh etadi. Rahmonov meni yo boshqa birovni o‘ldirish bilan hech nimaga erisha olmasligini tushunmaydi. Tojikistonda yuzlab, minglab Atoulloyevlar bor. Ular insoniy yashash huquqlari, o‘z qadr-qimmati uchun kurashadilar.

BBC:Siz oxirgi vaqtlarda ko‘p chiqishlar qilgansiz, ayniqsa arab davlatlaridagi inqiloblar ortidan Tojikistonda ham shunday xalq qo‘zg‘olonlarini qilish kerakligi borasidagi chiqishlaringiz yoritib borilgan. Shu bayonotlaringiz Dushanbe hukumatini xavotirga solganmi?

Atoulloyev: Men bu qarashga qisman qo‘shilaman, lekin qo‘shimcha qilmoqchiman, bilasizmi, qo‘rquvning ko‘zi katta. Vaziyat Tojikistonda keskin o‘zgardi. Avvalambor, arab bahori sabab, ikkinchidan Rahmonov tuzumidan norozi odamlarning soni keskin oshdi. Urush va qon bilan qo‘rqitib bo‘lmaydigan yangi avlod yetishgan. Tojikistonda bir yildan so‘ng prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bir yil bu juda kichik muddat. Shuning uchun, tojik hukumatiga muxolifatning og‘zini hozirdanoq yopish juda muhim.

BBC:Siz Rossiya huquq-tartibot organlari qotilni topishlariga yoki uning ortida kim turganini aniqlashlariga ishonasizmi?

Atoulloyev: Bilasizmi, bir narsa deyishim juda qiyin. Men birinchi kun o‘zimga kelib, odamlar bilan muloqot qilayapman hozir. O‘ylaymanki, yaqin kunlarda hammamiz guvoh bo‘lamiz bu voqea qanday rivojlanishiga.

BBC:O‘zingizni qanday his qilayapsiz? Juda ko‘p qon yo‘qotgan ekansiz.

Atoulloyev: Bilasizmi, bekor yashamadim degan fikr o‘tayapti boshimdan. Ablah emasligim, hayotimni bekorga yashamaganimni anglayapman. Mening sog‘ayishim uchun yuzlab odamlar kasalxonada duo qilishmoqda, kechayu kunduz tojiklar, ruslar, o‘zbeklar, yahudiylar kelib navbatchilik qilishayapti. Jurnalistlar, siyosatchilar, generallar kelib ko‘rishayapti, bu men uchun sharaf.