Xorijdagi o‘zbek faollari Jamshid Karimov taqdiridan xavotirda

Image caption Jamshid Karimov o‘tgan yil noyabrida maxsus ruhiy shifoxonadan ozod etilgan edi

Xorijda panoh topgan bir guruh jurnalistlar O‘zbekiston hukumatiga murojaat bilan chiqib, 10-yanvardan buyon do‘stlari bilan aloqaga chiqmayotgan mustaqil jurnalist Jamshid Karimovni tinch qo‘yishga chaqirganlar.

Yigirma jurnalist imzosi bilan tarqatilgan murojaatda Jamshid Karimov bilan bir necha kundan umuman aloqa yo‘qligi ta‘kidlangan.

Jurnalistlar uning "to‘satdan" g‘oyib bo‘lishidan tashvishda ekanliklarini bildirganlar.

43-yoshli Jamshid Karimov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning jiyanidir.

U 2006 yilda amakisi Islom Karimovni ochiqcha tanqid qilishi ortidan Samarqanddagi maxsus ruhiy shifoxonaga majburan yotqizilgan edi.

Hibsga olinishidan avval Jamshid Karimov internetda mahalliy va markaziy hokimiyat idoralarini tanqid qiluvchi qator maqolalar e‘lon qilgan.

Jamshid Karimov o‘tgan noyabrda shifoxonadan ozodlikka chiqqan va so‘nggi paytlarda Jizzax shahrida yashayotgan edi.

Onasi Margarita Karimovaning o‘limidan bir necha yil avval BBC muxbiriga aytishicha, Jamshid Karimov prezidentning jiyani ekanidan "uyalgan va so‘raganlarga shunchaki, familiyadoshmiz, deb aytgan".

G‘arblik ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Jamshid Karimovning taqdiri Islom Karimov tuzumining o‘zgacha fikrga naqadar toqatsizligining yorqin misolidir.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi