Wikipedia ingliz tilidagi saytini bir kunga berkitib qo‘ydi

Image copyright Other
Image caption Wikipedia caytiga kirganlar nigohi "Erkin ilm olish imkoni bo‘lmagan dunyoni tasavvur qilib ko‘ring" degan so‘zlarga tushadi

Wikipedia, Amerikada internet-qaroqchiligiga qarshi kurashishga oid qonun loyihasining muhokama etilishiga e‘tirozan, o‘zining ingliz tilidagi saytini bir kunga berkitib qo‘ydi.

Dunyoning eng yirik internet-qomusi hisoblangan Wikipedia internet saytiga kirmoqchi bo‘lganlar o‘ngida "Erkin ilm olish imkoni bo‘lmagan dunyoni tasavvur qilib ko‘ring" sarlavhali siyosiy pamflet paydo bo‘ladi.

Shuningdek, internet-qomusning boshqa tillardagi saytlarida har bir sahifa ostiga "So‘z erkinligi xavf ostida" degan qora so‘zlar joylashtirilgan.

Ushbu amalga, internet-qomusdan tashqari Reddit "xalq yangiliklari" sayti va Boing Boing blog-platformasi ham qo‘shilgan.

Ayni damda mikrobloglar sayti Twitter ushbu amalga qo‘shilmasligini ma‘lum qilgan.

Internet saytlar asoschilari Qo‘shma Shtatlar Kongressi muhokamasiga chiqarilgan "Internet qarorqchlikni to‘xtatish" va "Intellektual mulkni himoya qilish" nomli qonun loyihalarga qarshi chiqishmoqda.

Wikipedia asoschisi Jimmi Uels BBC bilan suhbatda ushbu qonun loyihalariga o‘z munosabatini quyidagicha izohladi:

"Sopa yoqlovchilari o‘z raqiblarini qaroqchlikka yo‘l ochmoqchi bo‘lgan yoki qaroqchilarni himoya qilayotgan insonlar deb atashadi. Ammo qonun loyihasi shunchalar keng va shunchalar yomon yozilganki, agar qabul qilinsa, qaroqchilikka qarshi kurashishga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ko‘plab narsalarga zarba beriladi".

Vetoga ishora

Amerika Kongressi vakillar palatasida Sopa qonun loyihasini taqdim etganlarga ko‘ra, ushbu qonun loyihasi yordamida ular "muttaham saytlar"ning daromad ko‘rishini oldini olish niyatidalar.

Hujjat AQSh hukumatiga qaroqchilikka aloqasi bo‘lgan saytlarni berkitish talabi bilan mahkamaga murojaat qilish vakolatini beradi.

Ushbu hujjat, shuningdek, AQShda bo‘lgan internet provayderlar, qidiruv va to‘lov tizimlari hamda reklama tarmoqlariga noqonuniy faoliyat olib borishda gumon qilingan xorijiy saytlar bilan hamkorlikni to‘xtatish vazifasini yuklaydi.

O‘xshash qonun loyihasi - Pipa - hozirda AQSh senatida tasdiqdan o‘tmoqda.

O‘tgan shanba kuni Oq Uy bayonot tarqatib, qonun loyihasiga qarshi chiqqanlarni yoqlab chiqdi.

"Garchand biz xorijiy veb-saytlar ulkan muammo tug‘dirmoqda deb hisoblasak hamki, so‘z erkinligini cheklovchi qonun loyihalarini qo‘llab-quvvatlamaymiz," - deb ta‘kidlanadi Oq Uy bayonotida.

Ancha kattaroq muammo

Qonun loyihalari Oq Uy tomonidan veto etilishi ehtimoli bo‘lsa hamki, Wikipedia ingliz sayti ma‘murlari shirkat tarixida ilk e‘tiroz amaliga qo‘l urishga qaror qilganlar. Zero, ularning ishonishicha, ushbu qonunlar "dunyodagi barcha internet tarmoqlari ozodligi va shaffofligiga halokatli zarba berishga qodir".

"Biz Sopa qonun loyihasining tasdiqdan o‘tishi kechiktirilayapti deb o‘ylamaymiz. Pipa qonun loyihasi ham faol muhokama etilayotir. Bundan tashqari Sopa ham. Pipa ham ancha ancha kattaroq muammo belgilaridir xolos. Biz butun dunyoda ham internet-qaroqchlikka qarshi, ham internet ustidan nazorat etishning boshqa shakllarini nazarda tutgan qonun loyihalari kuchga kirayotganini kuzatmoqdamiz, " - deyiladi Wikipedia bayonotida.