Qo‘l-oyog‘i shol rassom va musiqachi Abdulali ijodxonasida

Image caption Qo‘l-oyog‘i shol Abdulali tishi bilan yozish, musiqa chalish va rasm solishni o‘rgandi

Hirotlik Abdulali Barakzay 18 yil burun qo‘l-oyog‘idan ajralgandi.

Uyiga kelib tushgan bomba hali yosh bolaligida uni nogironga aylantirgan.

Ammo bu ahvoli Abdulalini hayotda ba‘zan sog‘lom odamlar erisha olmaydigan muvaffaqiyatlarga intilishdan qaytarmadi.

Image caption Abdulali yaqinda Prezident Homid Karzay suratini ham chizib tugatdi

Uzoq yillik sa‘y-harakat va mashq tufayli bugun Abdulali qalamni tishida tutib rasm chizishni, uzun mediatorni tishlab, organ chalish va she‘r yozishni o‘rgandi.

Biroq bular hali Abdulali erishgan yagona yutuq emas. U jamiyatdagi boshqa nogironlarning hayotda o‘z o‘rnini topa bilishiga erishish yo‘lida ham ishlamoqda.

Bugun o‘z tashabbusi va mahalliy hirotliklar va mulozimlar qo‘llovi bilan maxsus maktab ochib, 300 nafarga yaqin nogiron bolaga bilim berishga intilmoqda.

Afg‘onistondagi uzoq yillik davomida nogironga aylangan insonlar ko‘p, lekin ularning to‘laqonli hayot kechirish imkonlari juda kam.

"Jamiyatda ko‘pchilik nogironlarga foydasiz, degan ko‘z bilan qaraydi" - deydi Abdulali Barakzay BBC O‘zbek xizmati bilan suhbatda - "Ammo agar o‘zing qattiq sa‘y-harakat qilsang, ko‘p narsaga erishasa, seni qo‘llaydigan insonlar ham topiladi".

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi