Qirg‘iziston Issiq ko‘l atrofida ulkan velotrek qurmoqchi

Image caption Yangi loyiha mualliflari, "Bir o‘q bilan ikki quyonni urishmoqchi"

Qirg‘iziston sobiq Sho‘rolar Ittifoqi davrida torpedolar sinab ko‘rilgan ko‘l yoqalab qariyb 500 chaqirimga uzangan velotrek qurmoqchi.

Loyihadan maqsad, bu yerga kelib xordiq chiqarishlari uchun butun dunyodan velosipedchilarni jalb etish ekani aytilmoqda.

"Velosipedda yurish Ovro‘po, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Rossiya va Xitoyda juda ommabop. Shu bois yangi loyihamiz sayyohlarga nihoyatda qo‘l keladi", deydi loyiha rahbari Almaz Ayilchiyev.

Tashabbuskorlarga ko‘ra, loyihaning nomini ham xorijiy sayyohlarni o‘ylab, Bai Issyk-Kul deb qo‘yishgan.

"Qirg‘iz tilida bu "Boy Issiq-Ko‘l degan ma‘noni bersa, ingliz tilida xuddi velosiped(bicycle)ga o‘xshab jaranglaydi", deydi janob Ayilchiyev.

Uning aytishicha, yangi loyihasi ham markaziy va ham mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

"Buyog‘iga faqatgina loyihaning moliyaviy sarf-xarajatlarini ko‘taradigan hamkor topish qolgan, xolos", deb davom etadi Almaz Ayilchiyev.

Ayon bo‘lishicha, loyiha mualliflari yangi velotrekni Issiq-Ko‘l sohiliga imkon qadar yaqinroq qilib qurishmoqchi.

Bundan maqsad esa, xorijiy sayyohlarga xizmat ko‘rsatib, pul ishlashlari uchun mahalliy aholiga mehmonxonalar va qahvaxonolar qurishga imkon berish ekani aytiladi.

Ularga ko‘ra, "Bir o‘q bilan ikki quyonni urishadi", ya‘ni ham odamlar va ham sayyohlar foyda ko‘rishadi.

Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor:

Qirg‘iziston 2005 yildan buyon ikkita inqilobga sahna bo‘ldi, yaqinda esa, mamlakat janubida yuzlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgan qonli etnik nizolar kuzatildi.

Bu esa, velosipedda mazza qilib xordiq chiqarish istagida bo‘lgan har qanday oilani cho‘chitmay qo‘ymaydi.

Ammo loyiha mualliflari shuncha beqarorliklar manzarasida ham Issiq-Ko‘l tinch qolganiga umid qilishayotganini aytishadi.

Issiq-Ko‘lning janubiy sohillariga esa, uncha-muncha odamning qadami yetmagan.

Bu yerning qirg‘oqqa tutashib ketgan yam-yashil vodiylarida mahalliy aholi hanuz o‘tovlarda yashashadi.

Dunyo bo‘ylab uch yillik safari chog‘ida velosipedda Qirg‘izistonni ham kesib o‘tgan gollandiyalik Fridel Grant Qirg‘izistonning tabiiy go‘zalligi va ko‘lning qanchalar sokinligi o‘zining xotirasida muhrlanib qolganini aytadi.

Britaniyada chop etiluvchi The Telegraph gazeti velosipedchidan iqtibos keltirarkan, uning "yangi velotrek so‘zsiz velosipedchilarning e‘tiborlarini o‘ziga jalb etishi va odamlar uchun ham xayrli ibtido", ekaniga oid so‘zlarini keltiradi.