Britaniyada Shariat qonunlariga murojaat qilayotganlar soni ortmoqda

Image copyright none
Image caption Islomiy Shariyat Kengashi London sharqidagi Leyton hududida joylashgan

Britaniyada Shariat va yo Islomiy qonunlar tizimidan foydalanish o‘sib bormoqda.

Har yili minglab musulmonlar o‘rtalaridagi kelishmovchiliklarga yechim topish uchun Islomiy qonunlar tizimiga murojaat qiladi.

Ammo, ba‘zilar, jumladan, ayollar huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bunga norozilik bildirishmoqda.

"Singlim, rost gapirishingiz kerak. Chunki, Olloh sizning har bitta so‘zingizni eshitib turibdi. Bizni aldashingiz mumkin, biroq Uni alday olmaysiz".

Saqolli shayx bugungi ilk mijoziga turmushidan nima uchun norozi ekanligini tushuntirishga ko‘rsatma bermoqda.

Shayx Haytam al-Haddad Islomiy Shariat Kengashi vakili. Ushbu kengash London sharqidagi Leyton hududida joylashgan.

Eri bilan shar‘iy yo‘lda ajrashishni istagan ayol mana shunday kengashlardan ko‘mak so‘raydi.

"Men baxtli emasman. U hech qachon uyda bo‘lmaydi va telefonida boshqa ayollardan kelgan xatlarni ko‘rdim. U hatto bolalarni boqish uchun pul ham bermaydi", deydi ayol shayxga.

Musulmon odam uchun shariat hukmlari asosida ajrashish osonroq kechadi. Ammo, agar eri bunga ko‘nmasa, xotini hakamlardan yechim topishni so‘raydi.

Oilaviy ajrim Shariat kengashlari ko‘rib chiqadigan odatiy masalalardan biri.

Minglab musulmonlar ulardan oilaviy, moliyaviy va tijoriy muammolarini shar‘iy asosida hal qilib berishni so‘rab murojaat qiladilar.

Talab o‘smoqda

2009 yilgi ma‘lumotlarga ko‘ra, Britaniya bo‘yicha 85ta Shariat kengashi faoliyat ko‘rsatadi.

Islomiy Shariat Kengashi esa, o‘tgan besh asnosida o‘zlariga murojaat qilayotganlar soni keskin oshganini aytadi.

"Biz ko‘rib chiqayotgan ishlar o‘tgan 3 yoki 5 yil ichida uch barobarga oshdi", deydi Shayx al-Haddad.

"Har oy o‘rtacha hisobda 200-300 ishni hal qilishimiz mumkin. Bir necha yil oldin ularning soni ancha kam edi", deya tushuntiradi u.

Shariat qonunlari musulmonlar hayotining barcha tarafini qamraydi.

U Qur‘on, Hadis va fatvolarga asoslanadi.

Shariat va yo Islomiy qonunlar tizimi Britaniyada 1982 yildan beri amal qiladi.

Biroq, ushbu norasmiy kengashlar huquqiy qudratga ega emaslar va ular hech qanday jazoni joriy eta olmaydilar.

Ular faqat fuqaroviy masalalarni ko‘rib chiqishlari mumkin. Ammo, ko‘plab musulmonlar ulamolar tarafidan ishlab chiqilgan qonunlarni ixtiyoriy ravishda qabul qilishmoqda.

28 yoshli Umar Hannan qo‘shma shirkatidagi britaniyalik musulmon hamkorlari bilan kelib chiqqan kelishmovchiligini hal etish uchun Britaniya mahkamalariga emas, balki Shariat tizimiga murojaat qilgan.

"U mening Islomiy axloq printsiplarim asosida ish ko‘rdi. Islomiy tribunalga murojaat qilishimning asosiy sababi ham shu edi. Shu bilan birga ishim tez hal bo‘ldi. Bunga 3-4 oy ketdi", deydi u.

"Bunga bir necha yuz funt sterling sarfladim. Endi tasavvur qiling, agar men Ingliz qonun tizimidan foydalanganimda qanchaga tushardi", deya qo‘shimcha qiladi Umar Hannan.

Shariyat tizimiga talab osharkan, qator britan huquq shirkatlari ushbu gurkirayotgan bozorga kirib kela boshlashdi.

Musulmon huquqshunos Ayna Xon Londonda joylashgan huquq shirkatida birinchilardan bo‘lib Shariat bo‘limi ochganlardan.

U mijozlariga ham Ingliz va ham Islomiy qonunlar asosida maslahatlar beradi.

"Men hisoblashadigan odamlarning aksari 50dan kichik yoshdagilar ekanidan hayratga tushaman. Ular ham britan va ham musulmon sifatidagi talablarga javob berishni istayotgan britaniyalik musulmonlar".

"Men har ikki qonun doirasida ularning muammolariga yechim topish yo‘llarini ko‘rsataman", deydi Ayna Xon.

Muxoliflar

Britaniyada Shariyat qonunlariga talab o‘sib borayotganiga qaramay, Islomiy qonunlar tizimidan foydalanishga qarshilik ham oshib bormoqda. Ular mazkur tizim ayollarni tahqirlaydi, deya da‘vo qiladilar.

Eron va Kurd Ayollar huquqlari tashkiloti Shariat tizimi faoliyatiga nuqta qo‘yish uchun kampaniya olib bormoqda.

"Biz ko‘plab ayollar bilan gaplashdik va ularning barchasi bizga bir xil narsani hikoya qilishdi: Shariat qonunlari ular istayotgan adolatni qaror toptirayotgani yo‘q. Islomiy kengashlarida aksar erkaklar faoliyat olib borishadi va ular aynan erkaklar foydasiga qaror chiqaradilar", deydi faollardan biri Diana Nammi.

Bu kabi xavotirlar Lordlar palatasiga Britaniyadagi Shariat tashkilotlarini tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi taqdim etilishiga sabab bo‘lgan.

Qonun loyihasi ilk muhokamadan o‘tgan, ikkinchi muhokama tez orada bo‘lishi kutilmoqda.

Eron va Kurd Ayollar huquqlari tashkilotiga o‘xshash guruhlar uchun esa, mazkur qonun loyihasi yetarli emas.

"Bizning fikrimizcha, Britaniyada hech qanday diniy qonunlar asosida ish olib borilmasligi kerak, barcha Shariat tizimlari taqiqlanishi kerak. Ayollar uchun teng adolat qaror toptirishning yagona yo‘li shu", deydi Diana Nammi.

Ammo, Britaniyada Shariat qonunlariga talab oshib borarkan, Shayx Haytam al-Hadid ularning faoliyatiga taqiq qo‘yilmasligi kerak deya hisoblaydi.

"Biz odamlarni eshigimizga majburan olib kelayotganimiz yo‘q. Ular o‘z ixtiyorlari bilan kelishmoqda", deydi u.

"Agar siz bizni taqiqlasangiz, Britaniya musulmonlari boshqa joyni topishadi. Ko‘plab musulmonlar xorijiy mamlakatlarga borishadi. U yerda esa, ularni himoya qilish imkonsizdir", deya ta‘kidlaydi Shayx Haytam al-Hadid.