Yozuvchi va tarjimon Ravil Buxoroyev olamidan o‘tdi.

Image caption Ravil Buxoroyev BBC O‘zbek Xizmatida tez-tez mehmon va iste‘dodli hamkor edi.

Ravil Buxoroyev BBCda 15 yildan ko‘proq ishlagandi. Bu kabi iste‘dodli va sodiq do‘st bilan birga ishlash men uchun sharaf bo‘lgan.

Uning gapirish ohangi, o‘tkirso‘z hazilkashligi, istehzosi -bularning hammasi oddiy rus ziyolisidan darak berardi. Lekin u ko‘proq tatar ziyolisi edi...

Universitetning mexmatini bitirgan matematik bo‘lsa ham, iste‘dodli shoir, taqvodor musulmon va hatto ulamo edi.

Ana shu jihatlari bilan ko‘plarning e‘tiboriga tushgandi.

U bilan suhbatlashgan odam suhbatiga to‘ymasdi, turli bilimlarning tuganmas manbai edi.

U haqda endi o‘tgan zamonda yozish oson emas.

Uning o‘rni endi bo‘shligi do‘stlar va hamkasblar doirasida juda-juda bilinadi.

Zamonaviy tamaddunlar va din o‘rtasidagi dialog muhimligini anglab yetganlar uchun ham uning o‘limi katta yo‘qotish.

Uning nasroniy va Islom olami o‘rtasida ko‘prik yaratish harakatlari BMT tashkilotining maxsus ordeniga ham sazovor ko‘rilgandi.

Ravil hayotda o‘ta bag‘rikeng va sodiq inson edi. Diniy ilm va targ‘ibot sohasidagi faoliyati ham aynan bag‘rikenglik va toqatlilikka qaratilgandi.

U hech qachon hech qayerga kech qolmasdi. Men va hamkasblari uchun intizom va sarishtaligi bilan ibrat edi.

Shuning uchun BBCdagi faoliyati bilan birga ko‘plab she‘r, roman va p‘esalarni yozishga muvaffaq bo‘lgan.

"Sonetlar dastasi" asarini esa o‘zi bilgan to‘rt tilda, rus, tatar, ingliz va mojar tillarida yozgan.

Bundan tashqari urdu va arab tillaridagi asarlarni o‘qiy bilardi.

U Tatariston musiqa olami sabrsizlik bilan kutgan opera librettosini oxiriga yetkaza olmay olamdan o‘tdi.

Ravil Buxarayevning Tatristondagi mavqei alohida bir maqolaga jo bo‘ladi.

Tatristonda "u o‘ta mashhur edi" deyish yetarli emas. U Tatristonda afsonaviy shaxsga aylanib ulgurgandi.

Hammaga vaqt ajarata olardi, ijod, oila, sevimli nabirasi - hammaga.

Faqat o‘z sog‘lig‘iga e‘tibor berish uchun vaqt topa olmadi. Og‘riq ishga halaqit bersa, e‘tibor bermasdi...Shuning uchun erta ketdi.