Fors ko‘rfazi davlatlari Suriyadan o‘z kuzatuvchilarini chaqirib oldi

Image copyright a
Image caption Fors Ko‘rfazi Hamkorlik Kengashiga a‘zo olti davlat Suriyadagi kuzatuvchilar guruhidan a‘zolarini chaqirib olmoqda.

Fors Ko‘rfazi Hamkorlik Kengashining ma‘lum qilishicha, Suriyadagi Arab Ligasi kuzatuvchilari guruhi tarkibidan o‘z a‘zolarini chaqirib oladi.

Kengash shuningdek, Suriyadagi zo‘ravonliklarga chek qo‘yish maqsadida BMT Xavfsizlik Kengashini Damashqqa ko‘proq bosim o‘tkazishga da‘vat qildi.

Kengashga a‘zo olti davlat BMTni Suriya borasida Arab Ligasi chiqargan tavsiyalarni tadbiq etish yo‘lida qo‘ldan kelgan barcha chorlarni ishga solishga chaqirdi.

Avvalroq Suriya prezidenti Bashar al-Assad Arab Ligasining iste‘foga chiqish va saylovlarni o‘tkazish da‘vatini rad etgandi.

O‘tgan yakshanba kuni Saudiya Arabistoni kuzatuvchilar guruhidan o‘z a‘zolarini chiqarib olishi haqida ma‘lum qildi. Saudiya rasmiylariga ko‘ra, Damashq tinchlik tashabbusi yo‘lida o‘z ustiga olgan va‘dalarini buzgan.

Fors Ko‘rfazi Hamkorlik kengashiga Bahrayn, Quvayt, Oman, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari a‘zodir.

BBC muxbiriga ko‘ra, Fors ko‘rfazi davlatlarining bu qarori Arab Ligasi kuzatuvchilari guruhi uchun katta zarbadir.

Yakshanba kuni Arab Ligasi prezident Bashar al-Assadga o‘z o‘rinbosariga qudratni topishirish va muxolifat ishtiroki bilan ikki oy mobaynida saylovlarni o‘tkazish rejasini ilgari surgandi.

Suriya bu rejani "mamlakat ichki ishlariga qo‘pol aralashuv", deya qat‘iyan rad etdi.

Suriya Tashqi Ishlar Vaziri ba‘zi arab davlatlarini mamlakatni izdan chiqarish yo‘lidagi ig‘voga qo‘shilishda aybladi.

Suriya rasmiylari mamlakatda keng quloch yoygan noroziliklar ortida xorij kuchlari turganligini anchadan beri da‘vo qilib keladilar.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, 10 oydan beri davom etib kelayotgan noroziliklar mobaynida 5 mingdan ortiq kishi halok etilgan.

Suriya rasmiylari esa hukumat kuchlari tarkibidan qochib chiqqan askarlar hujumlari oqibatida Xavfsizlik Kuchlarining 2 mingga yaqin askari o‘ldirilganligini aytadilar.