BMT Liviya jangchilari orasidagi boshboshdoqlikdan xavotirda

Image copyright Reuters
Image caption Liviya jangarilari qurollarini tashlashga shoshilmayaptilar

Liviyalik jangarilar mamlakatning rasmiy hukumati tomonidan nazorat qilinmayapti va maxfiy qamoqxonalarda minglab odamlarni noqonunan ushlab turishibdi. Ayni damda Milliy o‘tish davri kengashi bor kuchi bilan muvaqqat hukumat mavqeini qo‘lga kiritishga urinmoqda. Birlashgan Millatlarning mutaxassislari aynan shunday xulosaga kelganlar.

BMT Xavfsizlik Kengashining yig‘inida Tripoli, Beng‘ozi va Bani Volid shaharlaridagi zo‘ravonliklar uchqunlari ana shu muammoning belgisi ekani ta‘kidlandi.

Tashkilot xodimlariga ko‘ra, hozirda qurolli liviyaliklar Muammar Qaddofiyning 8000dan oshiq tarafdorlarini noqonunan ushlab turishibdi va ko‘plarini qiynoqlarga solishayapti.

Dushanba kuni Qaddofiyning sobiq istehkomlaridan biri bo‘lmish Bani Volidda yuz bergan to‘qnashuvlarda to‘rt kishi nobud bo‘lgan.

Chorshanba kuni Nyu-Yorkda Xavfsizlik Kengashi yig‘inida chiqish qilgan BMTning Liviyadagi elchisi Ian Martin Bani Voliddagi qurolli mahalliy aholi va inqilobchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvni ba‘zilar Qaddofiy tarafdorlarining yana shaharni egallashga urinishi deya xato talqin qilishgan.

Lekin, janob Martinga ko‘ra, bu hodisa Qaddofiy tizimining tarafdorlari va hokimiyatni qo‘lga kiritgan isyonchilarni yarashtirish oson bo‘lmasligini ko‘rsatdi.

Uning aytishicha, Liviya inqilobchilari o‘tgan bir oy davomida yuz bergan boshqa qurolli to‘qnashuvlar, xususan Tripoli va boshqa shaharlardagi notinchliklar uchun ham mas‘uldirlar.

"Sobiq rejim ag‘darildi, lekin achchiq voqe‘lik shuki, Liviya xalqi bu rejimning jamiyatga chuqur singib ketgan me‘rosi bilan yuzma-yuz to‘qnashishda davom etmoqda", - dedi elchi.

Bu me‘rosni janob Martin "ojiz yoki mavjud bo‘lmagan davlat idoralari, uzoq yillar fuqarolik jamiyati tashkilotlari va siyosiy partiyalar yo‘q bo‘lgani" bilan izohladi. Unga ko‘ra, ana shu hol o‘tish davrini yanada qiyinlashtirmoqda.

Elchining aytishicha, isyonchilarni qurolsizlantirish yo‘lida bir necha qadamlar qo‘yilgan, lekin qurollar bilan liq to‘lgan va har kim har qanday maqsaddagi guruhlarga bo‘ysunishi mumkin bo‘lgan mamlakatda yangi hukumat uchun o‘ziga ishonch qozonish juda mushkul.

Uning ogohlantirishicha, hozircha vaqtinchalik hukumat zo‘ravonliklarni jilovlashga muvaffaq bo‘layapti, lekin zo‘ravonliklar ko‘lami keskin kengayishi mumkin.

"Qiynoqlar"

Martin janoblari nutqi ortidan BMTning inson huquqlari bo‘yicha bosh xodimi Navi Pillay Liviya inqilobchilari 60ta markazda 8500 odamni ushlab turganlarini bildirdi.

"Ularning aksari Qaddofiyga sodiqlikda ayblanadi va orasida Afrikaning boshqa mamlakatlaridan bo‘lgan odamlar juda ko‘p", - dedi u.

"Markaziy hukumat tomonidan yetarli nazoratning bo‘lmagani beshafqat munosabat va qiynoqlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sharoitlarni yaratayapti. Mening xodimlarim o‘zlari borib ko‘rgan qamoqxonalardan juda xavotirlik xabarlarni olishmoqda", - deya qo‘shimcha qildi Pillay xonim.

U Liviya hukumatini norasmiy qamoqxonalar ustidan nazoratni qo‘lga olish, u yerda saqlanayotgan odamlar ishlarini qayta ko‘rib chiqish va mahbuslar bilan qonun doirasida munosabat qila boshlashga chaqirdi.

Bani Voliddagi isyonchilar bilan muzokara olib borgan Milliy o‘tish davri hukumatining mudofaa vaziri Usamo Juvaliy chorshanba kuni shahardagi vaziyat barqaror ekanini xabar qildi.