Rio de Janeyroda ikki ko‘p qavatli bino qulagan - video

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Braziliyaning Rio de Janeyro shahrida ikki bino qulab, ko‘chalar va mashinalarni bosib qolgan. Binolardan biri 20 qavatli edi.

Rasmiylar binolar ichida 11ga yaqin odam qolib ketgan bo‘lishi mumkinligi, va besh kishi ozod qilinganini aytishgan.

Imoratlar nima uchun qulagani hali noma‘lum, lekin guvohlar portlash va qattiq gaz hidi haqida gapirganlar.

Shahar hokimi Eduardo Payes hodisaning sababini aniqlashdan avval qutqaruv ishlariga asosiy e‘tibor qaratilayotganini bildirdi.

BBC muxbiri Paulo Kabralning xabar qilishicha, binolarning biridagi lift ichida qolib ketgan farrosh do‘stiga telefon qilishi ortidan qutqaruvchilar tomonidan chiqarib olingan.

Munitsial teatr va Petrobras neft shirkati qarorgohi yaqinidagi binolar qulayotganda yangi qurilayotgan to‘rt qavatli imoratni ham butkul vayron qilishgan.

Hodisa sahnasi hozirda harobaga aylangan, qator mashinalar bino bo‘laklari ostida qolmoqda.

Muxbirimiz bir necha qutqaruvchilar omon qolganlarni qidirayotgani va politsiya hududni o‘rab olganini aytmoqda.

"Zilzila kabi"

Xavfsizlik maqsadida elektr ta‘minoti uzib qo‘yilgan.

O‘zini Gilbert deb tanishtirgan bir guvohning aytishicha, ko‘plar yer qimirladi deb o‘ylashgan.

"Xuddi zilzila yuz bergandek bo‘ldi. Avvaliga binoning ba‘zi qismlari ajralib tushdi. Odamlar qocha boshladilar. Keyin binolar butunlay qulab tushdi", - dedi u.

Uch oy avval Rio de Janeyrodagi restoranda yuz bergan gaz portlashi uch kishini nobud qilgandi.

Braziliya 2014 yilda futbol bo‘yicha Jahon Kubogi va ikki yildan so‘ng olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilishi kutilar ekan, Rio de Janeyroning infratizilmasi borasida xavotirlar izhor qilinmoqda.