"AQShning O‘zbekiston hududida harbiy baza qurish niyati yo‘q"

Image copyright BBC World Service
Image caption Munosabatlar yana iliy boshladi

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekiston hududida harbiy baza qurish niyatida emas.

Bu haqda Amerikaning Toshkentdagi elchisi Jorj Kroul jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘i bayon qildi.

11 sentyabr Amerikaga terror hujumlaridan ko‘p o‘tmay Amerika havo bazasi uchun o‘z hududidan joy bergan O‘zbekiston oradan uch to‘rt yil o‘tib, Andijonda namoyishchilarni qirg‘in qilar ekan, Vashingtonning tanqidlari ostida Amerika harbiylarini chorig‘ini to‘g‘rilab qo‘ygandi.

2014 yilda Amerika Afg‘onistonni tark etishi haqida aytar ekan, bu Prezident Karimovni jiddiy tashvishga soldi. Karimov mintaqada beqarorlik ehtimoli haqida gapira boshladi.

"Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonda bu yaqin kelajakda, ayniqsa, Prezident Karimov davrida harbiy baza ochishi ehtimoldan yiroq", deydi rossiyalik harbiy mutaxassis Aleksandr Gols.

Ammo, uning nazarida kelajakdagi beqarorlik haqidagi xavotirlar ham asoslidir. Har holatda - Markaziy Osiyoda Amerika harbiy hozirligiga ehtiyoj bormi?

Aleksandr Gols: Amerikaliklarning hozirgi kunda yakkayu yagona urushi Afg‘onistonda kechmoqda. Amerikaning harbiy strategiyasi esa ziddiyat yaqinida qalqon vazifasini bajaruvchi bazalar yaratishni ko‘zda tutadi. Bu bor gap. Bundan tashqari 2014 yilda Amerika o‘z kuchlari Afg‘onistondan chiqaradi. Ana shunday bir sharoitlarda Markaziy Osiyoda Amerika uchun harbiy baza bo‘lishi muhimdir. Uchinchi bir holat shundaki, hozir ko‘pchilik bir narsani yaxshi biladi. Amerikalik Afg‘onistondan o‘z maqsadlariga erisholmay chiqishmoqda. Toliblarni yenga olishmadi. Harbiy amaliyotlaridan ko‘zlangan maqsadlari amalga oshmadi. Biz istaymizmi yo‘qmi, yaqin kelajakda Toliblar yana qudratni tortib olishlari mumkin va Afg‘onistonda oyoqqa turishar ekan, Amudaryo osha Markaziy Osiyoga o‘zlarining tajovuzkor Islom aqidalarini yoya boshlashlari ehtimoldan xoli emas. Buning uchun Markaziy Osiyo davlatlarida zamin yaratilgan. Avtoritar tuzumlar kuchsizlanmoqda, aholi qashshoqlashayotir...

BBC: Demak, janob Karimov Afg‘oniston Amerikaliklar ketgach, Markaziy Osiyoda doimiy beqarorlik o‘chog‘ining yuzaga kelish xavfidan bekorga ogohlantirmayotgan ekan-da? Unda nima uchun Amerika va O‘zbekistonning ehtiyojlaridan kelib chiqib, harbiy baza ochilmayapti?

Aleksandr Gols: Albatta, Karimov haq! Chunki bu Karimov rejimiga ham xavf soladigan tahdiddir. Baza masalasiga kelsak... ehtiyoj borligi, imkoniyat borligini anglatmaydi. Baza ochilishiga bir qancha halaqit beradigan holatlar bor. Aynan Karimov rejimi ma‘lum bir ma‘noda noqulaylik tug‘diradi. Amerikaliklar ichki ziddiyatlar ehtimoli jiddiy bo‘lgan mamlakatlarda baza ochishmaydi. Bu birinchisi. Ikkinchisi esa Amerikaliklar baza ochish tashabbusi bilan Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi va Toshkent o‘rtasida savdolashish manbaiga aylanib qolishni istamaydi. Bu tashkilotga a‘zo davlatlar o‘z hududlarida uchinchi bir mamlakatning harbiy bazasini ochishidan avval tashkilotdagi barcha davlatlar roziligini olishi kerak. Men Karimov janoblari Kreml xo‘jayinidangina emas, balki Belorus Prezidenti Lukashenkodan ham ruxsat so‘rab o‘tirishini tasavvur qilolmayman.

BBC: Aleksand Matveyevich, boshqa realroq bir masala - Amerikaliklar aftida Afg‘onistondagi ba‘zi qoldiq harbiy aslahasini O‘zbekistonu Tojikistonga tortiq qilishmoqchi ekan. Aytingchi, gap qanaqa qurol aslahalar haqida ketmoqda va bu qanchalar xavfsizlikni ta‘minlashga xizmat qilishi mumkin?

Aleksandr Gols: Albatta, Amerikaliklar anchayin pragmatik xalq. Har doim hisob kitob qilishadi. Ishlatilgan aslahalarni olib chiqib ketish arzonga tushadimi, qoldirishmi va yana boshqa yo‘llari... qay biri manfaatliroq deb o‘ylashadi. Menimcha, sodda va mushkul bo‘lmagan harbiy uskunalar, qurol yaroq va piyoda qo‘shinlarning qurollari haqida so‘z bormoqda...Bu juda mushkul bir savol. Albatta, agar Toliblar va yo ekstremistlar xavfi nazarda tutilsa, unda qarshi choralar ko‘rilgani ma‘qul. Shu yo‘lda Markaziy Osiyo rejimlari qo‘llab quvvatlangani ma‘qulday... Boshqa tomondan esa, agar bu rejimlardan norozilik o‘rtaga chiqadigan bo‘lsa, unda hech kim Markaziy Osiyo hukumatlari ayni qurollarni tinch aholiga qarshi qo‘llamaydi deb kafolat berolmaydi. Bu ham nozik masala.