Dunyoning eng qudratli armiyasi qisqartirishga yuz tutadigan

Image copyright AFP
Image caption Kichikroq qo‘shinlar urushlardan ko‘ra, Osiyo Tinch ummon havzasi davlatlari va Yaqin Sharqda barqarorlikni ta‘minlash amallariga ko‘proq e‘tibor qaratadi

Amerika o‘z armiyasini 100 000 harbiyga ozaytirmoqchi va Mudofaa vaziri Leon Panetta ta‘biri bilan aytsak, kichikroq va epchilroq qo‘shinlar yaratmoqchi... Kelasi o‘n yil davomida kechajak ushbu qisqartirishlar, yangi rejalarga ko‘ra, yarim trillion moliyaviy kamaytirish deganidir.

Mudofaa vazirining bildirishicha, kichikroq qo‘shinlar Iroq va Afg‘oniston kabi urushlardan ko‘ra, Osiyo Tinch ummon havzasi davlatlari va Yaqin Sharqda barqarorlikni ta‘minlash amallariga ko‘proq e‘tibor qaratadi.

Rejaga muvofiq, kelasi 5 yilda armiya kuchlari soni 570, 000dan 490, 000ga tushirilishi kutilmoqda. Dengizchi kuchlar safi esa, 20, 000ga qisqaradi.

Harbiylik byudjeti keyinchalik o‘sishi, ammo bu sekin sur‘atda kechishi, 2017 yilga borib 567 milliardga chiqishi mumkinligi aytiladi.

Mudofaa vaziri Leon Panetta: "Biz 21-asrda ro‘baro‘ kelishimiz mumkin bo‘lgan tahdidlarga javob berishga tayyor va hushyor turishimiz uchun zaruriy bo‘lgan rejani ishlab chiqdik. Men bu kelajakdagi qudratimiz garovi bo‘ladi deb o‘ylayman. Ushbu rejaning kamchiliklari bormi? Xulosa chiqarish sizdan bo‘lsin", - deb aytdi.

Panneta janoblariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar F-35 rusumli harbiy uchoqlarni sotib olishda davom etadi. Biroq, uning aytishicha, ovozsiz uchuvchi qiruvchi uchoqlar savdosi sustlashishi mumkin.

Avvalroq, BBC Vashingtondagi sharhlovchi Benjamin Fridman bilan suhbatlashib, undan Mudofaa vaziri Panetta byudjet qisqartirishlarida hisob kitoblarni to‘g‘ri qildim deb o‘ylaydimi deb so‘ragan?

Benjamin Fridman: Yo‘q, biz mudofaa byudjetini vazir aytganidan juda ko‘proq qisqartirishimiz kerak edi. Mudofaa vaziri byudjetning u yog‘idan ozgina, bu yog‘idan ozgina kesib tashlayapti, xolos. Qo‘shma Shtatlar kelajakda ancha kichik va kamchiqim armiyaga ega bo‘lishi zarur.

BBC: Siz qaysi mudofa byudjetining yana qayerlarini qisqartirgan bo‘lardingiz?

Benjamin Fridman: Birinchi navbatda, piyoda qo‘shinlari sonini qisqartirgan bo‘lardim. Piyoda qo‘shinlar soni armiyadan 80 mingga va dengiz kuchlaridan 20 mingga qisqaradi. Lekin, biz yana qo‘shinlar sonini 2009 yilgi holatiga qaytardik. 2007 yildan boshlab, Qo‘shma Shtatlar Iroq va Afg‘onistondagi urush uchun qo‘shinlar sonini keskin ko‘paytirgandi. Armiya kattaligi, meni o‘ylashimcha, 2001 yildan oldingi holatiga qaytishi kerak. Buning uchun, dengiz va havo kuchlari soni kamaytirilishi kerak. Bundan tashqari, harbiy ma‘muriyat va harbiy josuslik xizmatlariga sarflanadigan mablag‘lar kamaytirilishi lozim.

BBC: Lekin, harakat qisqarish tomon bo‘lmayaptimi, sizningcha. Mudofaa vaziri e‘tibor Tinch okeani havzasi va Osiyoga qaratilishi zarurligini aytdi. Bu strategiya sizningcha to‘g‘rimi?

Benjamin Fridman: Yo‘q. To‘g‘ri, bu Ovro‘poda qo‘shinlarni ushlab turishdan ancha yaxshi, albatta. Chunki, Ovro‘podagi qo‘shinlar hech narsa qilishayotgani yo‘q hisobi. Men Amerika Iroq va Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqayotganidan juda xursandman. Lekin ularning joyi Osiyoda emas, balki Qo‘shma Shtatlarning o‘zida bo‘lishi kerak. Lekin Osiyo masalasida biz to‘g‘ri yo‘l tutayapmiz deb o‘ylamayman. Xitoyni nazarda tutib, Filipinga dengiz qo‘shinlarini joylashtirayapmiz va yana 2500 ta askarni Avstraliyaga joylashtirganmiz. Lekin, Xitoyga yaqin bo‘lmagandan keyin bundan nima foyda? Amerikada soliq to‘lovchilar puli noto‘g‘ri sarflanayapti, menimcha.

BBC: Mudofaa byudjeti qisqartirilar ekan "kiber urush" sohasiga ko‘proq e‘tibor qaratilishi qayd etilgan. Qo‘shma Shtatlar mudofaa byudjetidan kompyuter xakerlari va kiber josuslariga qarshi ko‘proq mablag‘ sarflanishi kerak deb o‘ylaysizmi?

Benjamin Fridman: Biz bu sohaga bir miqdor pul ajratishimiz kerak albatta. Lekin biz allaqachon bu ishni qilayapmiz. Lekin xakerlik, kiber josuslik yoki o‘g‘irlik harbiylar emas, politsiya muammosi. "Kiber terrorizm" hali katta muammoga aylanib ulgurgani yo‘q. Hali undan hech kim o‘lgani yo‘q. Muammoni haddan ziyod bo‘rttirib ko‘rsatishga urinish bo‘layapti ko‘proq.

BBC: Pentagon bir vaqtning o‘zida bir necha dushmanga qarshi jang qilishga tayyor bo‘lishimiz kerak deb aytib keladi. Siz bunday zamonlar o‘tdi deb o‘ylaysizmi?

Benjamin Fridman: Hozirda dunyodagi bor dushmanlarimizni hisoblaydigan bo‘lsak, biz hozirgi armiyamiz bilan bir necha dushmanga qarshi bir vaqtning o‘zida jang qilishga bemalol qodirmiz. Bizning ochiq dushmanlarimiz yo‘q hisobi. Biror mamlakat ikkinchi mamlakatni ishg‘ol qilib olgani yo‘q hozir. Xudo ko‘rsatmasin, Eronni va yo Shimoliy Koreyani bombalash kerak bo‘lsa, bunga bemalol kuchimiz yetadi. Shuning uchun, biz mudofaa byudjetini hozirgidan ham ancha ko‘proqqa siqartirsak bo‘ladi.