Ozarbayjon Kaspiyda dunyoning eng baland binosini quradi

Image caption Bokuda o‘tadigan "Ovronigoh" ko‘rigi uchun maxsus "Billur Saroy" qurilmoqda

Ozarbayjon Kaspiy dengizida sun‘iy orol yaratib, unda jahonning eng baland binosini tiklamoqchi.

Poytaxt Bokuga tutash dengizda 185 qavatli bino qad ko‘taradi. Ushbu loyiha tashabbuskori bo‘lgan nomi oshkor etilmagan ko‘chmas mulk korchaloni loyiha uchun 2 milliard dollarga yaqin mablag‘ sarflashi aytilayotir.

Ammo hali kelasi uch yil ichida Kaspiyda sun‘iy orol yaratiladi, o‘shandan keyingina imorat poydevori tashlanadi.

Muxbirlarga ko‘ra, bu bino nafaqat neftdan tushayotgan boyliklarni ramzlantiradi, balki Ozarbayjonning xalqaro sahnada neqadar o‘ziga ishonchi ortib borayotganini ham namoyish etadi.

Ozarilar tiklaydigan imorat hozir dunyodagi eng baland bino sanalmish Dubayning "Burj Xalifa"sidan 27% baland bo‘ladi va uzunligi bir kilometrdan oshishi kutilmoqda.

Loyiha voizining BBCga aytishicha, mazkur inshoot ham xuddi "Ovronigoh" qo‘shiq tanlovida g‘olib bo‘lgani kabi Ozarbayjonning dunyoda nom qozonishi uchun muhimdir. So‘nggi "Ovronigoh" g‘olibi sifatida Boku shu may oyi Ovro‘poning eng ommabop ko‘ngilochar qo‘shiq ko‘rigiga mezbonlik qiladi.

So‘nggi paytlari Ozarbayjondagi demokratiya va inson huquqlariga oid aftodahol vaziyat ko‘plab xorijiy jurnalistlar nigohiga tushmoqda. Tahlilchilarga ko‘ra, shu bois ham hukumat boshqa jabhada yaxshi nom qozonishga qattiq tirishmoqda.

Dunyoda yagona, ammo mintaqada emas

Oqib kelayotgan neft pullari ortidan poytaxt Boku qiyofasi misli ko‘rilmagan tarzda o‘zgarib ketmoqda, ulkan oynaband inshootlar tiklanmoqda, nomdor do‘konlar ochilmoqda.

Biroq sobiq Sovet Ittifoqi mamlakatlarida kim o‘zarga yirik loyihalarga qo‘l urish faqat Ozarbayjonga xos emas.

Turkmaniston jahondagi eng katta gilamga egaligi bilan maqtanadi. Qozog‘iston esa dunyoning eng ulkan oynaband o‘tovini tikkan mamlakat bo‘ldi.

Hatto mintaqaning eng qashshoq mamlakati Tojikiston ham Markaziy Osiyoda eng yirik masjid qurishga kirishgan.

Shu qatorda, Tojikiston bu poygada Ozarbayjonni ortda qoldirishga ham intildi. Oldinroq Ozarbayjon dunyodagi eng baland bayroqni o‘rnatgan edi. Keyinroq Tojikiston ham ulardan o‘tkazib, dunyoning eng katta bayrog‘ini tikdi.

Ozarilarning eng baland bayrog‘i esa og‘irlik qilib, uni ko‘tarib turgan ustun qulab ham tushgandi. Hozir esa ko‘plab ozarbayjonliklar, ishqilib, eng baland binomiz boshiga ham shunday taqdir bitmasin, degan umiddalar.