Qirg‘iziston qamoqlarida mahbuslar ochlikni to‘xtatishgan

Image copyright b
Image caption Mahkumlarni borib ko‘rgan Qirg‘iziston ombudsmeni Tursunbek Oxun ularning ahvoli o‘ta yomonligini aytmoqda

Qirg‘izistondagi bir nechta qamoqxonada ochlik e‘lon qilgan mahkumlar norozilik amallarini to‘xtatishgan.

Bu borada bildirgan mamlakat ombudsmeni Tursunbek Oxunning aytishicha, norozilik sifatida og‘izlarini tikkan mahbuslar ham lablaridan o‘tkazilgan iplarni olganlar.

Bir qamoqxonada nozirning mahkumlarga kuch ishlatishi tufayli boshlanib ketgan norozilik amaliga mamlakat qamoqxonalari bo‘ylab yetti mingga yaqin mahkum qo‘shilgani aytiladi.

Shu asno yuzaga kelgan g‘alayonda bir mahkum nobud bo‘lgandi. Keyinroq minglab mahbuslar ochlik e‘lon qilishgan, oralarida 1300 nafari esa hatto og‘izlarini ham tikishgandi.

Mahkumlar o‘zlariga nisbatan kuch ishlatmaslik, qamoqxona sharoitlarini yaxshilash kabi talablarni ilgari surgandilar. Shuningdek, mamlakat Jazoni ijro etish xizmati rahbarini o‘zgartirishni ham so‘rashgan.

Ammo bu talablar bajarilgani yo‘q. Rasmiylarga ko‘ra, sharoitlarin yaxshilash uchun pul yo‘q.

Rasmiylar ochlik amallari ortida qamoqxonalarda intizomni kuchaytarishga qarshi chiqqan jinioy guruhlar turgan, deyishadi.

Mahkumlar bilan uchrashgan Qirg‘iziston ombudsmeniga ko‘ra, mahkumlar o‘zlarini tahqirlash hollarini to‘xtatishni so‘rashmoqda.

"Ularning ahvoli juda yomon" - deydi o‘tgan hafta qamoqxonalarda bo‘lgan Tursunbek Oxun - "Ba‘zi mahkumlar holsizlikdan yiqilib qolgan, ayrimlarining gapirishga majoli yo‘q. Ko‘pchiligi ochlikni to‘xtatsak, yana kaltaklashadi degan qo‘rquvda".

Ma‘lum bo‘lishicha, ochlikni to‘xtatgan mahkumlar endilikda rasmiylar bu amallarni boshlagan tashabbuskorlarni jazolashadi, degan xavotirdalar.

Ayni damda, poytaxt Bishkek yaqinidagi ayollar qamoqxonasida hamon ochlik amali davom etayotgani aytiladi.

Bir oy oldin Qirg‘izistonga safar qilgan BMT Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi esa, bu mamlakat qamoqxonalarida sharoitlar o‘ta yomonligini, mahkumlarga nisbatan qiynoqlar hamda noinsoniy munosabat ko‘rsatish keng tarqalganini qayd etgan edi.