Suriya: Armiya isyonchilar qo‘lidagi mavzelarni qayta egallamoqda

Image copyright Reuters
Image caption Poytaxt Damashq namoyishlar boshlanganidan beri bu kabi yirik to‘qnashuvlarga guvoh bo‘lmagandi.

Suriya armiyasi poytaxt Damashning yaqin kunlarda isyonchi qo‘shinlar qo‘lida bo‘lgan ba‘zi mavzelari ustidan nazoratni qayta qo‘lga kiritishgan.

Faollarga ko‘ra, ko‘p sonli hukumat qo‘shinlari va tanklar safarbar qilingan, Saqba mavzesi hali ham bombardimon qilinmoqda.

Isyonchi Ozod Suriya Armiyasi yashiringan, lekin hali ham hududda qolayotganini bildirgan.

Poytaxt atrofida o‘tgan dam olish kunida yuz bergan janglarni faollar 10 oydan beri davom etayotgan janglarning eng qaqshatqichi deya tasvirlashgan. Kamida 26 kishi o‘lgani aytiladi.

Suriya bo‘ylab esa, faollar yakshanba kunining o‘zida 60ga yaqin kishi halok bo‘lganini aytishdi. Ayni kunda Arab Ligasi o‘zining bir oylik kuzatuvchi missiyasini yakunlagan.

Dam olish kunlarida armiya qarshi avj olgan hujumlar oqibatida nobud bo‘lgan 50 askarning harbiy dafn marosimlari o‘tkazilgan.

BBCning Suriyaning ichidan xabar uzatish imkoniyatlari keskin cheklangan va xabarlarning hech biri mustaqil tarzda tasdiqlanmagan.

Itoatsizlik davom etmoqda

Xabarlarga ko‘ra, yakshanba kuni Suriya Prezidenti Bashar al-Assadga sodiq qo‘shinlar Damashq sharqidagi G‘uta hududiga bostirib kirishgan. G‘utada yirik ko‘lamli aksil-hukumat namoyishlar o‘tkazilgandi.

Kamol ismli faol Ozod Suriya Armiyasi taktik jihatdan ortga chekinganini bildirdi.

"Rejim qo‘shinlari mahallalarni qayta bosib olib, uyma-uy yurib odamlarni hibsga olmoqda", - dedi u.

Qo‘shni Livandan vaziyatni kuzatayotgan BBC muxbiri Jim Myuirning aytishicha, bu kabi harbiy amallar Suriyaning boshqa qismlarida itoatsizlikni bo‘g‘a olmagan. Oxirgi kunlarda bu amaliyotlar oqibatida Homs, Hama, Idlib, Dera va boshqa shaharlarda ko‘p sonli insonlar nobud bo‘ldi.

Image copyright Reuters
Image caption Ozod Suriya Armiyasi taktik jihatdan ortga chekinganini bildirgan.

Oxirgi harbiy hujum shanba kuni Ozod Suriya Armiyasi nazorati ostida bo‘lgan Kfar Batna, Saqba, Jisrin va Arbin mavzelarida boshlangan.

Faollarning aytishicha, Damashq markazidan atigi 5 kilometr uzoqlikdagi amaliyotga 2000dan oshiq askarlar va 50ta tank jalb qilingan.

"Shahar ichida jang ketmoqda, ko‘chalarda jasadlar sochilib yotibdi", - dedi Kfar Batnadan gapirgan bir faol.

Birlashgan Millatlar nima qila oladi?

Britaniyada joylashgan Suriya inson huquqlari kuzatuv guruhi rahbari Rami Abdul Rahman qo‘shinlar Damashq mahallalarida isyonchilar bilan to‘qnashayotganini aytdi.

"Qo‘shinlar ba‘zi hududlarga kira olishdi, lekin boshqa hududlarda qattiq mudofaaga yuz tutishmoqda", - dedi u.

Unga ko‘ra, Suriya masalasi Birlashgan Millatlar Tashkilotiga oshirilayotgani tufayli hukumat norozilikni harbiy yo‘l bilan butunlay yo‘q qilmoqchi.

Shanba kuni Arab Ligasi Suriyada zo‘ravonliklar davom etayotgani tufayli kuzatuvchilik missiyasini vaqtincha to‘xtatib qo‘yayotganini e‘lon qilgan.

Muxbirimizga ko‘ra, zo‘ravonlikning keskin avj olishi va kuzatuv missiyasining to‘xtatib qo‘yilishi kelgusi hafta BMT Xavfsizlik Kengashi Suriya bo‘yicha qattiqqo‘l rezolyutsiya qabul qilishi uchun bosimni oshiradi.

O‘tgan oy BMT Prezident Bashar al-Assadga qarshi chiqishlar mart oyida boshlanganidan beri 5000 inson halok bo‘lganini aytgandi.

Suriya rasmiylari hukumat qo‘shinlari "terrorist" guruhlarga qarshi kurashayotgani va to‘qnashuvlarda 2000dan oshiq hukumat askari nobud bo‘lganini aytadilar.