Xo‘jandda 34 kishi O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolikda ayblanmoqda

Image caption Tojikistonda taqvodorlik kuchayar ekan, hukumat mustaqil diniy faoliyatdan o‘ziga katta xavf ko‘ra boshlagan

Shimoliy Tojikistonda O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolikka oid ayblovlar bilan 34 kishi mahkamaga tortilmoqda. Boshlanishi kutilgan jarayon ozodlikda yurgan ayrim ayblanuvchilar va ba‘zi himoyachilar kelmagani uchun seshanba kuniga qoldirilgan.

Xabarlarga ko‘ra, mahkama Xo‘janddagi muvaqqat hibsxonalardan birida yopiq tarzda o‘tishi rejalangan.

Qo‘yilayotgan qator ayblovlar orasida noqonuniy qurolli guruh tuzish, milliy, irqiy va yo diniy asosda nizolar uyg‘otish, Tojikistondagi mavjud tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da‘vat kabi hatti-harakatlar keltirilmoqda.

Bu shaxslar shimoliy Tojikistonda bir qator jinoyatlarga qo‘l urgan deyiladi. Xususan, Qayroqqumdagi muvaqqat hibsxonaga hujum qilish, Konibodom va Isfara shaharlarida militsiya xodimlariga quroli hujum qilib, ularni o‘ldirish hamda yaralash kabi harakatlar qayd etilayotir.

Himoyachi Fayziniso Vohidovaning bildirishicha, bu shaxslar bir paytlar O‘zbekiston yoki Turkiston Islomiy Harakatiga a‘zo bo‘lishgan, ammo hozir mazkur harakatdan uzoqlashib ketganlar.

"Ularga to‘nkalayotgan qotillik va qurolli hujumlarni esa aslida O‘zbekiston Islomiy Harakatining shimoliy Tojikistondagi rahbarlari va faol a‘zolari sodir etishgan" - deydi Fayziniso Vohidova.

Ayblanuvchilarning barchasi Isfara shahri va uning atrofidagi qishloqlardan. Ba‘zilari Tojikistonda, ayrimlari esa qo‘shni mamlakatlarda hibsga olingan.

Qator ayblanuvchilarning qarindoshlari esa o‘z yaqinlari hech bir jinoyatga qo‘l urmagan, deb urg‘ulashadi.

Ikkinchi yirik mahkama

Xo‘jandda boshlanayotgan ushbu jarayon O‘zbekiston Islomiy Harakatiga oid Tojikistonda kechayotgan ikkinchi yirik mahkamadir.

O‘tgan yil dekabrida aksar shimoliy tojikistonliklardan iborat 53 kishi O‘zbekiston Islomiy Harakatiga a‘zolik ayblari bilan bir umrlik va yo uzoq yillik qamoq jazolariga hukm etilgandilar.

O‘shanda mahkamaga tortilganlar Tojikistonda sodir etilgan ilk xudkushlik hujumini tashkillashtirishga ham aloqadorlikda ko‘rilgan. Xo‘janddagi hujumda 3 nafar militsiya xodimi halok bo‘lgan, o‘ttizga yaqin kishi jarohat olgandi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, O‘zbekiston Islomiy Harakati a‘zolari Tojikistonda fuqarolar urushi davrlarida paydo bo‘lishgan.

Ular o‘z paytida Tojik hukumatiga qarshi kurashgan mamlakat sharqidagi muxolif kuchlarga yordamga o‘tishgandi. Keyinchalik ularning yoniga qator tojikistonliklar ham borib qo‘shiladilar.

Tojikistonda fuqarolar urushi tugashi ortidan esa bu harakat a‘zolarining bir qismi Afg‘onistonga o‘tib ketgan, bir qismi Tojikistonda qolgan.