Dahriylikni targ‘ib etgan indoneziyalik musulmon bo‘lmoqchi

Image copyright Reuters
Image caption Indoneziya dunyodagi musulmonlar eng ko‘p yashovchi mamlakat hisoblanadi

Indoneziya politsiyasiga ko‘ra, Facebook orqali ateistik qarashlarini bildirgani uchun hibsga olingan 31 yoshli davlat ma‘muri tavba qilib, musulmon bo‘lish niyatida ekanini aytgan.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga "Xudo yo‘q" degan so‘zlarni yozish bilan Aleksander Aan ko‘pchilik e‘tiborini o‘ziga qaratgan edi.

Dunyoning eng yirik musulmon mamlakati hisoblangan Indoneziyada Islomdan tashqari yana besh din rasman e‘tirof etilgan.

Biroq, Indoneziya qonunlariga muvofiq, dahriylikni targ‘ib etish taqiqlangan.

Indoneziya politsiyasiga ko‘ra, janob Aan o‘z qilmishidan pushaymon va Islom dinini qabul qilish niyatida.

Ammo, shunday esa-da, politsiya uni shakkoklikda ayblash niyatidan qaytgani yo‘q.

Shu oy boshida olomon hujumidan himoya qilish maqsadida politsiya janob Aanni hibsga olgandi.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, hukumat ma‘muri din haqidagi fikrlari bilan olomon g‘azabini qo‘zg‘atgan.

Indoneziya jinoiy kodeksiga ko‘ra, boshqalarni dindan ozdirmoqchi bo‘lgan har qanday shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Politsiyaning aytishicha, janob Aan xudosiz ekanini tan olgan.

Ateizm Indoneziyada Konstitutsiyaga xilof aqida hisoblanadi

Janob Aanning Facebookdagi sahifasi hamon ochiq, ammo uning sharhlari u yerdan olib tashlangan.

Uning tarafdorlari Facebook orqali politsiya amalini qoralab chiqqanlar va uni ozod etishlarini talab qilganlar.