Qirg‘izistondagi o‘zbek liderlariga chiqarilgan hukm o‘z kuchida qoldi

Image copyright BBC World Service
Image caption Qirg‘iz hukumati O‘sh va Jalolobod voqealari uchun Bakiyev hukumati va o‘zbek jamoalari rahbarlarinri ayblab keladi

Qirg‘iziston janubidagi Jalolobod viloyat mahkamasi o‘zbeklar jamoasinig bir necha rahbariga shahar mahkamasi chiqargan hukmni o‘z kuchida qoldirdi.

Jalolobod shahar mahkamasi o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Qodirjon Botirov va Qirg‘iziston parlamentining sobiq a‘zosi Inomjon Abdurasulovni bir yarim yil muqaddam mamlakat janubida yuz bergan milliy nizolarni uyushtirishda aybdor deb topib, sirtdan bir umrlik qamoq jazosiga hukm etgandi.

Mahkamani kuzatgan Qirg‘iziston ombudsmani Tursunbek Oxunning bildirishicha, o‘zbek liderlariga tegishli mol-mulkni musodara etish qarori ham chiqarilgan.

Shuningdek, Oliy Kengashning yana bir sobiq deputati Abdurahmon Abdullayev va O‘shTVning sobiq direktori Haliljon Xudoyberdiyev sirtdan 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ularning ham mol-mulki davlat foydasiga musodara etilgan.

O‘zbeklar jamoasining yana bir faoli Mahamadrasul Aboqjonovga esa olti yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Oldinroq taraflar muzokarasi paytida advokatlar sirtdan mahkamaga tortilgan o‘zbek raxbarlariga ustian qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlarini qayta tergovga jo‘natishni talab qilgan edilar.

Biroq, Jalolobod viloyat mahkamasi ularning bu talabini inobatga olmagan.

Jalolobod mahkamasi, shuningdek, qirg‘izlar bilan o‘zbeklar o‘rtasidagi milliy nizoni Qirg‘izistondagi o‘zbeklar rahbarlari uyushtirgan deb bildirgan.

Hukmda zo‘ravonliklar ortida Jalolobod o‘zbek milliy-madaniy markazi rahbari Qodirjon Botirov turgani aytilgan.

Lekin, xorijda boshpana topgan Qodirjon Botirov va boshqa ayblanuvchilar barcha ayblovlarni qat‘iyan rad etganlar.

2010-yil iyunida O‘sh va Jalolobod viloyatlarida qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida yuz bergan qonli nizolarda yuzlab insonlar halok bo‘ldi, ikki mingdan ortiq uy-joylar, do‘konlar va korxonalarga o‘t qo‘yilgan.

Taxminan 375 ming odam o‘z yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan.

Qirg‘izistonlik o‘zbeklarning aksari O‘zbekiston hududidan panoh topgan.

Finlandiyalik taniqli siyosatchi Kimmo Killyunen yetakchiligida qonli etnik nizo sabablarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro mustaqil tergov hay‘ati tuzilgan, hay‘at o‘tgan yil may oyida o‘zining tekshirishlari asosidagi hisobotini e‘lon qilgan.

Xalqaro komissiya o‘z hisobotida Qirg‘iziston rahbariyatiga qator tavsiyalarni bergan.

Xususan, Qirg‘izistonda o‘ta millatchilik va millat ajratish hollariga qarshi keskin kurashish lozimligi aytilgan.