G‘arb davlatlarining Suriyaga bosimi kuchaymoqda

Image copyright BBC World Service
Image caption AQSh Bashar al-Assad rejimining qulashi muqarrar ekanini aytadi

Qo‘shma Shtatlar, uning ittifoqchilari va Suriya muxolifati vakillari BMT Xavfsizlik Kengashini Suriyada sodir etilayotgan zo‘ravonliklarga "befarq" bo‘lmaslikka va Arab Ligasi taqdim etgan siyosiy yechim rejasini iloji boricha tezroq tasdiqlashga chaqirdi.

"So‘nggi 10 oy davomida biz Xavfsizlik Kengashining befarq qarab turganiga guvoh bo‘layapmiz. Bu kengashning aksar a‘zolari harakat qilishni istamayotganligi uchun yuz berayotgan yo‘q - aksincha," - dedi AQShning BMTdagi doimiy vakili Syuzan Rays.

"Biroq harakat qilishga tayyor bo‘lmagan Xavfsizlik Kengashining juda ham obro‘li ikki a‘zosi bor, - dedi u jurnalistlarga. - Aftidan, sabab shu".

Seshanba kuni Nyu-Yorkda BMT Xafsizlik Kengashining majlisi ochiladi.

Kengashga a‘zo 15 davlat Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha Arab Ligasi taqdim etgan rejani ko‘rib chiqishadi.

Suriya hukumatining ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya taqdim etilgan rezolyutsiyaga o‘zgartirishlar kiritilishi zaurligi, aks holda veto qo‘llashi bilan tahdid qilmoqda.

Xitoy ham ayni nuqtai nazarni himoya qilib chiqqan.

Suriyada Bashar al-Assad rejimining qulashi muqarrar deb hisoblagan Qo‘shma Shtatlar esa Xavfsizlik Kengashiga a‘zo davlatlarni aniq bir mavqe‘ni egallashga undamoqda.

Rezolyutsiya ohangi

Xavfsizlik Kengashi majlisida AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton, Britaniya va Frantsiya tashqi ishlar vaziri, Uilliam Heyg va Alan Jyupe, hamda Arab Ligasi Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning ishtirok etishi kutilmoqda.

Syuzan Rays so‘zlariga ko‘ra, rezolyutsiya "ancha ochiq" bo‘lib, unda qurolli aralashuv yoki kuch ishlatish tahdidi yo‘q.

Biroq Rossiyaning bayon qilishicha, NATOga a‘zo davlatlar 2011 yilda Xavfsizlik Kengashining Liviya bo‘yicha rezolyutsiyasini teskari talqin qilib, Muammar Qaddofiy hukumatini ag‘dariish uchun isyonchilarga yordam berishgandi.

Rossiya va Xitoy Suriya bo‘yicha rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlashlari ehtimoldan yiroq esa-da, g‘arblik diplomatlar ushbu mamlakatlar veto qo‘llashmaydi degan umiddalar.

Hujjatning yakuniy matniga qanday o‘zgartirishlar kiritilishi asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Rossiyaning rezolyutsiya ohangini yumshatishni talab qilishi kutilmoqda.

Hujjatda Bashar al-Assaddan hukumatni o‘z muoviniga topshirish va Suriyaga qurol-yaroq sotmaslik talablari o‘rin olgan.

Muxolifatdagi Suriya Milliy Kengashining boshlig‘i Burhon Galyun Nyu-Yorkda Rossiya rasmiylari bilan uchrashganini bildirdi.

"Ruslarga bizning Assaddan muzokaralar boshlangunga qadar iste‘foga chiqishni talab qilganimiz yomasligi aniq, ammo bizning nuqtai nazarimiz Suriya xalqi xohish-irodasiga asoslangan", - dedi u.

Galyun shuningdek Xavfsizlik Kengashini rezolyutsiyaning Ovro‘po-Arab loyihasini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

"Xalqaro hamjamiyatning befarq qarab turishi Assad Rejimini oddiy namoyishchilarni o‘ldirishga undadi xolos", - deya bayonot berdi Suriya muxolifati rahbari.

G‘arblik diplomatlarning Reyter agentligiga ma‘lum qilishlaricha, rezolyutsiya loyihasining payshanba va yo hatto juma kunigacha ovozga qo‘yilishi dargumon.