Prezident Nazarboyev: "Amaldorlar UAZ da yurishsa, nima bo‘ladi?..."

Image caption Qozog‘istondagi amaldorlar xorijiy rusumdagi mashinalarda yurishni ma‘qul ko‘rishadi

Qozog‘iston prezidenti amaldorlarni mamlakatda ishlab chiqilgan avtomobillardan foydalanishga chaqirmoqda.

Parlament tomonidan qayta tasdiqlangan hukumat vakillari bilan yig‘ilishda davlat rahbari amaldorlarni faqat "Toyoto" markali mashinalarni minib yurishda ayblagan.

Prezidentga ko‘ra faqatgina davlat va milliy kompaniyalarning xaridi bilan milliy avtomobil ishlab chiqarish hajmini bir necha barobar ko‘tarish mumkin ekan.

Hukumat mas‘ullari bilan uchrashgan Davlat rahbari deyarli barcha sohani tanqid ostiga oldi. Prezidentni ayniqsa, avtomobilsozlik sohasidagi loqaydliklar befarq qoldirmadi.

- Qozog‘istonda nimalar sodir bo‘layapti? Misol uchun, Aqmo‘la viloyatida qattiq ishlab "Kamaz-injiniring" avtoyig‘ish zavodini qurdik. Avtomobil ishlab chiqarishni faqatgina davlat sektori va milliy kompaniyalar tomonidan bo‘ladigan talab asosida 3-4 barobar oshirish mumkin. Ammo biz qanaqa mashina sotib olayotganimizga bir qarang. Amaldorlarning apparatidan boshlab hamma "Toyoto" sotib oladi. O‘zimizning mashinalarda yursak nima bo‘ladi? Buni tartibga soladigan kim bor, - degan Nursulton Nazarboyev.

Ushbu tanqiddan so‘ng hali birorta amaldor Qozog‘istonda yig‘ilgan mashinaga o‘tirish haqida gapirgani yo‘q. Qozog‘iston Moliya vaziri Bolat Jamishevdan prezidentning taklifi borasida so‘ralganda ishxonaga piyoda borishga tayyor ekanini aytdi. Vazir vazirlikdan 10 daqiqalik yo‘lda turishini va piyoda borishga tayyor ekanligini bildirdi.

"Mashinani muddatini o‘tab bo‘lsa almashtiraman. Bor narsani tashlab yuborish yoki yangisiga almashtirish isrofdir", - deydi Bolat Jamishev.

Vazir Qozog‘iston o‘zi avtomobil ishlab chiqarmasligini, mamlakatda yig‘ilayotgan avtomobillar chet elniki ekanligiga urg‘u bergan.

Qolgan amaldorlar ham olingan mashinalarni ishlatish muddati tugaguncha minishga va‘da bermoqda, ammo hech kim mamlakatda terilayotgan mashinalarda yurishga tayyorligini aytmadi.

Qozog‘istonda amaldorlarning dabdabali mashinalarda yurishiga doir xabarlar matbuotda tez tez muhokama qilinib turiladi.

2011 yilning yozida Rudniy shahar hokimiyati umumiy qiymati 285 ming dollar bo‘lgan 4 dona yengil avtomobil sotib olishi davlat buyurtmalari aks etadigan saytda paydo bo‘ldi. Ushbu xabar mahalliy matbuotda keng yoritildi va tanqidlarga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng hokimiyat ushbu qaroridan qaytdi va mashinalarni sotib olmadi.

Ammo davlat xaridlari amalga oshiriladigan web sahifada amaldorlarning chet elning qimmatbaho rusumdagi mashinalarini sotib olganini bot-bot ko‘rish mumkin.

G‘arbiy Qozog‘iston viloyati hokimiyatiga qarashli sayohat va turizm boshqarmasi SKODA rusumli avtomobilni 34 ming dollarga xarid qilgan. Yoki O‘rol shahri hokimiyatiga qarashli bir boshqarma 22 ming dollarga Toyoto avtomobilini sotib olgan.

Qozog‘istonda ayni damda Rossiya avtomobillari bilan birga koreys mashinalarini yig‘uvchi zavodlar faoliyat yuritadi.

Qozog‘iston Bojxona ittifoqiga a‘zo bo‘lgach, xorij avtomobillari importiga oid ayrim cheklovlar qo‘yildi va bojxona narxlari ko‘tarildi. Ushbu bozorni egallash uchun Janubiy Koreyaning bir necha avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalari Qozog‘istonda avtomobil yig‘ishni yo‘lga qo‘ydi.

Hozircha mamlakat ichida ushbu mashinalarga talab katta emas. Hukumat ushbu mashinalarni sotib olganlarga yengilliklar yaratish va maqbul kreditlar berish borasida dasturlar ishlab chiqishini ma‘lum qilgan.