BMTning Suriya borasidagi munozarasi natijasiz yakunlandi

Image copyright AP
Image caption AQSh ilgari surayotgan rezolyutsiya loyihasi Rossiya va Xitoy qarshiligiga uchradi

Birlashgan Millatlarning Xavfsizlik Kengashida Suriya masalasini muhokama qilgan yig‘in kelishuvsiz nihoyasiga yetgan.

Kengash Arab Ligasining Suriyadagi zo‘ravonliklarga chek qo‘yish va Prezident Bashar al-Assadning lavozimdan ketishiga chaqirgan rejasini qabul qilishni muhokama qildi.

Qatar bosh vaziri kengash a‘zolarini janob Assadning, o‘z ta‘birida, "qotillik mashinasi"ga qarshi chora ko‘rishga undadi.

Lekin, Xitoy va Rossiya mazkur reja tuzum o‘zgarishini anglatishini aytishgan va Arab Ligasi taklifiga qarshi qolishmoqda.

"Rossiya kimdandir lavozimdan ketishni so‘ramaydi", - deb aytgan Rossiya Tashqi Ishlar Vaziri Sergey Lavrov.

"Ha, biz oddiy fuqarolarga qarshi hukumat qo‘shinlari kuch ishlatishini qattiq qoralaymiz. Lekin, biz ayni damda hukumat mavqe‘lariga hujum qilayotgan ekstremist guruhlarni ham qoralaymiz", - dedi janob Lavrov.

"Xitoy Suriyada majburan tuzum o‘zgarishining amalga oshirilishiga qarshi, chunki bu BMT nizomi va xalqaro aloqalarni boshqaradigan eng asosiy qonunlarga xilofdir", - dedi yig‘inda chiqish qilgan Xitoyning BMTdagi elchisi Li Baodong.

AQSh Davlat Kotibi Hillari Klinton so‘ngra taklifning matni ustida muzokaralarni davom ettirishni taklif qildi.

"Kelgusi bir necha kun ichida Prezident Assad va uning tuzumiga aniq ishora beradigan rezolyutsiyani qabul qilish uchun harakatlarimizni davom ettiramiz", - dedi Klinton honim.

Nyu-Yorkdagi muxbirimiz Barbara Plettga ko‘ra, G‘arb davlatlari seshanba kuni o‘tgan yig‘in Rossiya qarshiligini yumshatadi deya umid qilishgandi.

Ayni damda, Rossiyaning BMTdagi elchisi Vitaliy Churkin rezolyutsiya loyihasi Rossiya hukumat avvalroq taqdim qilgan, lekin G‘arb va Arab Ligasi tomonidan juda nimjon deya rad qilingan matnning ba‘zi boblarini o‘z ichiga olganini aytdi.

"Bu bizga umid bag‘ishlaydi. Biz Xavfsizlik Kengashi Suriya masalasida murosaga erishadi deb umid qilamiz, bu nafaqat imkonli, balki zarur", - dedi Churkin janoblari.

Suriyada aksil-hukumat namoyishlar mart oyida boshlanganidan beri 5400dan ko‘proq odam o‘lgani xabar qilinadi. Zo‘ravonlik avj olmoqda.

Zo‘ravonlikni to‘xtatishni talab qilayotgan rezolyutsiya loyihasi davlatlarni Suriyaga qurol sotmaslikka chaqiradi, lekin qurol-yarog‘ embargosini taklif qilmaydi.