O‘zbekistonga MO Yagona energetika tizimidan chiqish qanchaga tushdi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Qozog‘iston Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimidan chiqib ketmaslikka rozi bo‘lgan.

Ostona rasmiylari ushbu qarorga Toshkentda O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat energetika shirkatlarining rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uch tomonlama muzokaralar ortidan kelganlar.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, Toshkentda shu kunlarda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Qozog‘istondan Markaziy Osiyo Yagona energetik tizimidan chiqmaslikni so‘ragan.

Image copyright BBC World Service
Image caption O‘zbekiston 2 yil muqaddam Markaziy Osiyo energetika tizimidan chiqishi ortidan elektr taqchilligiga duch kela boshladi

Muzokaralar so‘ngida taraflar energetika tizimini avvalgiday paralel ravishda ishlatishga kelishib olganlar.

O‘tgan yil Qozog‘iston qo‘shni O‘zbekistonni kuz-qish mavsumlarida qo‘shni davlatlar bilan kelishmagan holda elektr energiyasini "sistematik tarzda" o‘g‘irlashda ayblagan va Yagona eneretika tizimidan chiqib ketish bilan tahdid qilgandi.

1998 yilda Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati - Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari energiya tizimlarini paralel ravishda ishlatishga oid bitimni imzolashgan.

Qozog‘istonda elektr uzatish tizimini idora etuvchi KEGOC shirkatining da‘vo qilishicha, O‘zbekiston mazkur bitimda nazarda tutilganidan tashqari o‘nlab million kVt elektr energiyasini iste‘mol qilgan.

Oqibatda, KEGOCning da‘vo qilishicha, Qozog‘istonning janubiy viloyatlarini elektr energiyasi bilan ta‘minlashda uzilishlar ro‘y bergandi.

Qozoq rasmiylariga ko‘ra, Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning "O‘zbekenergo" Davlat Hissadorlik Kompaniyasi Qozog‘istonning KEGOC shikatiga 23 million dollardan ko‘proq qarzni shu oy oxiriga qadar to‘lashga va‘da bergan.

Yagona energetika tizimi

Ikki yil muqaddam O‘zbekiston Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimidan chiqqanini e‘lon qildi.

Ayni qadam qo‘shni davlatlar tarafidan xush qarshilanmadi.

O‘zbek rasmiylari mazkur qadamni ichki iste‘molchilarni himoya qilish zarurati bilan izohladi.

Biroq, o‘shandan buyon mamlakatda kuz va qish mavsumlarida gaz va elektr taqchilligi kuzatilmoqda.

O‘zbekiston hukumat energiya mustaqilligiga to‘la erishganini ta‘kidlasa-da, qishda mamlakatning deyarli barcha shahar va qishloqlari o‘tin va ko‘mirga o‘tadi.

Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimi 1998 yildan boshlab "paralel" ravishda ishlashga o‘tgandi.

Ya‘ni qish kunlari biror mamlakatda uzilishlar bo‘lsa, elektr taqchilligi boshqa davlatlar hisobidan to‘ldirilgan.

Markaziy Osiyoda suv taqichilligi yuzaga kela boshlagach, ushbu tizimga a‘zo davlatlar o‘rtasida ziddiyatli masalalar o‘rtaga chiqa boshladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning yagona tizimdan chiqish qarori ortida siyosiy vajlar turgandi.

Tojikiston va Qirg‘iziston yirik gidroelektr loyihalari ustida ish olib bormoqda.

O‘zbekiston qo‘shnilari hududida yangi gidroelektr stantsiyalari barpo etilishiga qarshilik ko‘rsatib keladi, chunki, O‘zbekistonning aytishicha, ular mamlakat hududiga kelayotgan suv miqdorini kamaytiradi hamda paxtaga ixtisoslashgan iqtisodini izdan chiqaradi.

Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimi bo‘yicha turkum maqolalar muallifi, sobiq diplomat Toshpo‘lat Yo‘ldoshevning aytishicha, yagona egergetika tizimidan chiqish qarori O‘zbekistonga qimmatga tushayotganini aytadi.

BBC Toshpo‘lat Yo‘ldoshev bilan suhbatlashdi.